O‘zbekiston | 11:53 / 25.05.2026
2223
2 daqiqa o‘qiladi

May oyida eng ko‘p yog‘ingarchilik qaysi hududlarda kuzatiladi?

O‘zbekistonda may oyida eng yuqori yog‘ingarchilik ko‘rsatkichlari asosan tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuzatiladi. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hududlarda me’yoriy yog‘ingarchilik miqdori 100 millimetrga yaqinlashadi.

Foto: Kun.uz

Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatining Chimyon stansiyasida may oyi uchun ko‘p yillik o‘rtacha yog‘ingarchilik me’yori 119,5 mmni tashkil etadi. Shuningdek, So‘qoqda 96,5 mm va Boshqizilsoyda 95,6 mm yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.

Farg‘ona viloyatining Shohimardon hududida bu ko‘rsatkich 78,9 mmga teng bo‘lsa, Qashqadaryo viloyatida Ko‘l stansiyasida 97,8 mm, Mingchuqurda 68,3 mm va Aqrabotda 52,1 mm me’yor qayd etilgan.

Surxondaryo viloyatining Boysun hududida may oyida 54,4 mm yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida 34,8 mm, Jizzax viloyatining Baxmal hududida esa 63,5 mm me’yor belgilangan.

Ayni paytda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida may oyi nisbatan quruq kechishi kutilmoqda. Bu hududlarda o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 10–20 mm atrofida bo‘lishi mumkin.

O‘zgidromet qayd etishicha, mazkur ma’lumotlar ko‘p yillik meteorologik kuzatuvlar asosida shakllantirilgan bo‘lib, hududlarning iqlim xususiyatlarini aks ettiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid