Moliya | 09:04
545
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ayrim xalqaro loyihalar QQSdan ozod etilishi mumkin

O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokida amalga oshiriladigan ayrim loyihalar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bo‘yicha yangi imtiyozlar joriy etilishi mumkin.

Foto: iStock

Bu haqda “Xalqaro moliya institutlaridan va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilingan hamda jalb qilinadigan loyihalar bo‘yicha soliq solishning alohida tartibi belgilangani munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan hamda xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida sotib olinadigan tovar va xizmatlar QQSdan ozod qilinishi mumkin.

Loyihada mahalliy ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun teng raqobat muhitini yaratish maqsadida QQSni hisoblashning yangi tartibini joriy etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar qatnashchilariga o‘z xohishiga ko‘ra QQS bo‘yicha imtiyozlardan voz kechish huquqini berish taklif etilmoqda. Bunda imtiyozlar loyihaning butun davri yoki ma’lum bir muddat uchun bekor qilinishi mumkin.

Qonun loyihasida suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasidagi ayrim loyihalar uchun QQS imtiyozlarini 2028 yil 1 yanvargacha saqlab qolish taklifi ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, texnik ko‘mak va grant loyihalari doirasida xarid qilinadigan tovar va xizmatlarni ham QQSdan ozod etish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda belgilanishicha, yangi qonun 2026 yil 1 avgustdan kuchga kirishi rejalashtirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid