Iqtisodiyot | 08:59
951
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga Qozog‘iston nefti yetkazib berilishi mumkin

Qozog‘iston O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari eksport qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjyenov ma’lum qildi.

Foto: Tengrinews

Uning aytishicha, Ostona Rossiya nefti va gazini O‘zbekistonga tranzit qilishdan tashqari, qo‘shni mamlakatga o‘zining xom nefti hamda neft mahsulotlarini yetkazib berishga ham tayyor.

Masala Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan RES 2026 mintaqaviy ekologik sammiti doirasida muhokama qilingan. Shuningdek, tomonlar neft-kimyo sanoati va neftni qayta ishlash quvvatlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ham ko‘rib chiqmoqda.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda energiya resurslariga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida neft va neft mahsulotlari importi 42,2 foizga o‘sib, 449,1 million dollarga yetgan.

Shu davrda benzin importi ikki barobardan ko‘proq oshib, 428,2 million litrni tashkil etgan. Dizel yoqilg‘isi importi esa 38 foizga o‘sib, 125,5 ming tonnaga yetgan.

Avvalroq Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Moskva va Toshkent neft hamda gaz yetkazib berish hajmini yanada oshirish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid