Jamiyat | 08:24
1669
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda soliq xodimlari korrupsiya bilan qo‘lga tushdi

Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq inspeksiyasi xodimlarining pora olish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari fosh etildi.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bektemir tumani soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i qo‘lga olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, u mahalliy tadbirkorga tegishli do‘konda xaridorga savdo cheki berilmagani haqida kelib tushgan murojaat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik va ishni sudga oshirmaslik evaziga 4 million so‘m pora talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mazkur pul mablag‘i soliq inspeksiyasi inspektori orqali olinayotgan vaqtda ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida esa ushbu inspektor joriy yil aprel oyida ham aynan shu do‘kon bo‘yicha kelib tushgan murojaatni “ko‘rmasdan qoldirish” evaziga 1,5 million so‘m olgani aniqlangan.

Hozirda mazkur soliq xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX fuqarolarni korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid