Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh kelishmoqchi, Eron o‘ylanyapti, Isroil asabiylashmoqda
Tramp Eronga qanchalik katta tahdidlar qilmasin, oxirgi ikki oyda real va katta urush qilgani yo‘q. U Venesuela prezidentini o‘g‘irlab ketganidan ruhlanib, Isroil bosh vazirining gapiga kirib, Eronga qarshi yashin tezligida o‘tishi kerak bo‘lgan samarali operatsiyani reja qilgandi. Tehrondagi elitani o‘ldirgach, rejim qulashiga ishongan edi. Lekin o‘xshamadi.
Endi esa, Trampning oldida Erondagi siyosiy tizimni yiqitish borasida faqat bitta real ssenariy bor – bu ham bo‘lsa, to‘laqonli yer usti operatsiyasi o‘tkazish, katta urush olib borish, minglab amerikalik askarlar o‘limiga tayyor turish. Bu narsaga Trampning o‘zi ham, atrofidagilar ham tayyor emas.
Trampda real ishlaydigan boshqa ssenariy yo‘q. Shuning uchun bugun Vashington Eron bilan tezroq kelishuvga erishish va masalani tezroq yopish niyatida.
Unda nega Tramp Eronga muttasil tahdidlar qilayapti? U goh Eronni yer yuzidan supurib tashlash, goh jamiki infratuzilmasini bombalab yo‘q qilish tahdidlarini yog‘diryapti. Trampning bu tahdidlaridan maqsad – Eronni qo‘rqitib, muzokaralar stoliga o‘tirg‘izish, shartlariga rozi qilish. “Agar men bilan hozir kelishmasang, o‘zingga qiyin bo‘ladi, men katta urushga yoki bor imkoniyatlaringni yo‘q qilishga tayyorman, kuchim yetadi” deyish...
Bu tahdidlar qisman puch ekanini Eron yaxshi biladi. Eron bitta narsadan real qo‘rqadi: katta urushdan, quruqlik operatsiyasidan. Lekin Trampda bunday vakolat va imkoniyat yo‘qligini ham Tehronda yaxshi bilishadi. Shuning uchun bugun Tehrondagi qarashlar ikkiga bo‘linadi. Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi AQSh bilan muzokaralarda qattiq turishni, yon bermaslikni istaydi. Chunki bu tarafning qarashiga ko‘ra, AQShning real imkoniyatlari cheklangan. Biroq diplomatlar va siyosatchilar muvozanat saqlash tarafdori, ular AQShni qattiq jahlini chiqarish ham kerak emas, muzokaralarni ham tez tugatmaslik kerak degan qarashda.
Asosiysi, bugun Tehronda ijobiy kutish holati yuqoriroq. Chunki 1979 yildan beri sanksiyalar, bosimlar ostidagi Eron, o‘zining eng asosiy va qudratli dushmani – AQSh bilan kelishib, o‘zining fundamental ehtiyojlarini qondirishga imkoniyat izlayapti.
Bugungi muzokaralarda Eronning yadro dasturi muhokama qilinayotgani yo‘q. Bu masalaga keyingi bosqichda o‘tiladi. Hozir kun tartibida bosh mavzu – Xormuz bo‘g‘ozi. Sizdirilayotgan kelishuv loyihasiga ko‘ra, 60 kunlik sulhning birinchi yarmida Eron Ho‘rmuz bug‘ozini ochishi, erkin savdo va harakatlanishni ta’minlashi kerak. AQSh esa Eronning 12 mlrd dollarlik muzlatilgan mablag‘larini qaytarishi zarur. Sanksiyalar yumshashi va olib tashlanishi kerak. Bu – Eronning iqtisodiy tiklanishiga, siyosiy tizimning mustahkamlanishiga yordam beradi. Hozir Vashington va Tehron birinchi bosqich kelishuviga ancha yaqinligi haqida xabarlar bor.
Bu muzokaralardan qattiq norozi yagona davlat – tabiiyki, Isroil. Bugun Isroil davlati, siyosiy elitasi va ayniqsa bosh vaziri Netanyahu AQSh va Eronning to‘liq kelishib ketayotganini norozilik bilan kuzatmoqda. Hatto ba’zi isroillik jurnalistlar va siyosatchilar “Tramp Eron rejimiga qutqaruv qo‘lini cho‘zmoqda” deya o‘zlarining e’tirozlarini izhor etishdi. Bu – tushunarli. Chunki Isroilning asosiy maqsadi – Eronning yadro dasturi emasdi. Maqsad – Eronni yiqitish, uni zaiflashtirish, imkoni bo‘lsa – parchalab tashlash va shu yo‘l orqali mintaqada Isroil gegemonligi uchun, “Katta Isroil” loyihasi uchun tahdidlardan eng asosiysini yo‘q qilish edi.
Eronga urush boshlashni Netanyahu 30 yildan beri orzu qiladi. Va Tramp Eronga xujum qilganida, Netanyahu “orzumga yettim” deb o‘ylagan bo‘lsa, ajab emas. Biroq Eron yiqilmadi.
Aksincha, Yaqin Sharq mintaqasidagi geosiyosiy kayfiyat bugun Isroil va AQShning zarariga o‘zgara boshladi. Endi Eronning mintaqaviy qudrat sifatidagi obro‘si oshyapti. AQShning an’anaviy ittifoqchisi bo‘lib kelgan arab davlatlarida Tehron bilan kelishish maqsadga muvofiqroq, degan qarash kuchayib bormoqda.
Agar Tramp Eron bilan kelishuvga erishsa, Isroil o‘zi uchun katta bir imkoniyatni yo‘qotadi. Chunki keyingi safar AQSh hokimiyatida kim bo‘ladi-yu, uning Eronga munosabati qanday bo‘ladi – bularni oldindan rejalashtirish qiyin masala.
Mavzuga oid
09:55
AQSh va Armaniston hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlarni imzoladi
21:15 / 26.05.2026
Eronda internet qisman tiklandi
14:12 / 26.05.2026
Narkojinoyatda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik AQShdan deportatsiya qilindi
10:06 / 26.05.2026