Jahon | 20:01
892
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil HAMAS harbiy qanotining yangi rahbarini yo‘q qildi

Yaqindagina bu lavozimni egallagan Muhammad Auda raketa zarbasi oqibatida o‘ldirildi.

Foto: Telegram / gazaalannet

Isroil 26 may kuni G‘azoga uyushtirilgan hujumda HAMAS harbiy qanoti qo‘mondoni Muhammad Audani o‘ldirganini ma’lum qildi, deb xabar berdi BBC.

Mahalliy shifokorlar va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil G‘azo shahrining eng gavjum bozor hududlaridan biridagi turar-joy binosiga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida uch falastinlik halok bo‘lgan, yana o‘nlab kishilar jarohatlangan.

Isroil harbiylari va Shin Bet xavfsizlik xizmati Auda uchun boshpana bo‘lib xizmat qilgan binolar uning harakatlari bir necha oy davomida kuzatilganidan keyin hujumga uchraganini ma’lum qildi.

Guvohlarning xabar berishicha, binoga turli yo‘nalishlardan deyarli bir vaqtning o‘zida kamida beshta raketa urilgan. Aholidan birining aytishicha, hujumdan oldin osmonda aylanayotgan vertolyot ovozini eshitgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi Audani «7 oktabr qirg‘inining me’morlaridan biri» deb atadi.

Uning bu lavozimdagi o‘tmishdoshi Izzaddin al-Haddod may oyi boshida Isroil havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan edi.

10 oktabr kuni sulh kuchga kirganidan beri Isroil butun G‘azo hududiga muntazam ravishda zarbalar bermoqda.

HAMAS bir necha bor Isroilni sulh shartlarini buzganlikda va tinch aholiga hujum qilganlikda ayblagan. HAMAS nazorati ostidagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi sulh davrida Isroil zarbalari oqibatida 900 dan ortiq odam halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Isroil hukumati HAMAS a’zolariga zarba berish huquqiga ega ekanini da’vo qilmoqda va o‘z navbatida guruhni qurolsizlanishdan bosh tortgani uchun sulh shartnomasini buzganlikda ayblayapti.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid