Jahon | 08:52 / 27.05.2026
2073
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiyadagi 1 kilometrlik osmono‘par binoda Xitoy texnologiyalari qo‘llanadi

Saudiya Arabistonida barpo etilayotgan Jeddah Tower - dunyodagi eng baland osmono‘par binolardan biri qurilishidagi eng muhim bosqich Xitoy kompaniyasiga topshirildi.

Foto: Jeddah Tower

Xitoyning Zhejiang provinsiyasida joylashgan Jinggui Steel Structure Group tarkibiga kiruvchi Jinggui International kompaniyasi Jeddah Tower’ning 120-qavatdan yuqori qismi uchun asosiy po‘lat konstruksiya ishlarini bajarish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lganini ma’lum qildi.

Shu tariqa, balandligi 1 kilometrdan oshib ketadigan dunyodagi birinchi osmono‘par binoning asosiy po‘lat karkasi — loyihalash, ishlab chiqarish, yig‘ish, tashish va yuqori qavatlarda montaj qilish ishlari to‘liq Xitoy kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Qizil dengiz sohilidagi Jidda iqtisodiy hududida qurilayotgan Jeddah Tower Saudiyaning Vision 2030 dasturi doirasidagi 26 milliard dollarlik yirik loyihalardan biri hisoblanadi.

157 qavatli binoda Four Seasons mehmonxonasi, elita turar joylar, A-klass ofislar va dunyodagi eng baland kuzatuv maydonchasi joylashishi rejalashtirilgan. Loyihani 2028 yilda yakunlash ko‘zda tutilgan.

2026 yil may oyi oxiri holatiga ko‘ra, qurilish ishlari 103-qavatdan oshib, bino balandligi 400 metrdan yuqoriga yetgan. Qurilish sur’ati har 3–4 kunda bir qavatni tashkil etmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, 120-qavatdan yuqori qismi eng murakkab bosqich hisoblanib, shamol bosimiga chidamlilik va montaj aniqligi bo‘yicha juda yuqori talablar qo‘yiladi.

Loyihada yuqori mustahkamlikka ega S690 rusumli po‘latdan foydalanilmoqda. Kompaniya qurilishda maxsus intellektual ishlab chiqarish liniyalarini jalb qilgan bo‘lib, montaj ishlari millimetr darajasidagi aniqlik bilan bajarilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid