Jahon | 09:06
1105
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Patriot raketalari yetishmayapti

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp va Kongressga murojaat qilib, Rossiyaning kuchayib borayotgan raketaviy hujumlari fonida Kiyevga Patriot havo mudofaa tizimlari hamda tutib oluvchi raketalarni yetkazib berishda yordam so‘radi.

Foto: AP

Reuters va AFP agentliklari keltirgan maktub parchalariga ko‘ra, Zelenskiy Rossiyaning ballistik raketalari “Moskva jangovar maydonda saqlab qolayotgan so‘nggi muhim ustunlik” ekanini ta’kidlagan.

Ukraina rahbari Kiyev zarur miqdordagi Patriot majmualari va ular uchun tutib oluvchi raketalarni sotib olishga tayyorligini bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishganidan keyin Ukraina havo mudofaa tizimlarini NATOning PURL — “Ukraina ehtiyojlarining ustuvor ro‘yxati” dasturi orqali xarid qilib kelmoqda. Mazkur tashabbus Yevropa ittifoqchilari tomonidan moliyalashtiriladi.

“Ammo PURL dasturi doirasidagi yetkazib berish sur’ati biz duch kelayotgan tahdid darajasiga mos kelmayapti”, — degan Zelenskiy.

Uning ta’kidlashicha, “Patriot batareyalarining raketa zaxiralarisiz qolganini ko‘rish — omon qolish uchun kurashayotgan millat uchun eng og‘riqli holatlardan biri”.

AFP agentligiga Ukraina prezidenti ma’muriyatidagi yuqori martabali manba ham havo mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilar xarid qilish murakkab vazifaga aylanganini aytgan.

“Hozir raketalarni topish qiyin, chunki Fors ko‘rfazi davlatlari va boshqa hududlarda ham buyurtmalar juda ko‘p. Shu bilan birga, PURL doirasidagi yetkazib berishlar ham sekinlashgan”, — degan manba.

Xabarda aytilishicha, 24 mayga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga 90 ta raketa va 600 ta dron bilan hujum qilgan. Asosiy nishonlar Kiyev va Kiyev viloyatidagi Bila Tserkva shahri bo‘lgan.

Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya mazkur hujumda o‘rta masofali “Oreshnik” ballistik raketasidan ham foydalangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid