O‘zbekiston | 15:05 / 01.06.2026
1453
2 daqiqa o‘qiladi

Ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi

O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, sohada iste’dodlarni aniqlash, ularni har tomonlama rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy hamda amaliy san’at kabi 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi.

Yangi tizimga ko‘ra, ijodiy birlashmalarga tajribali ustoz ijodkorlar hamda vazirlar va kompaniya rahbarlari hamraislik qiladi. Ushbu mexanizm orqali yosh iste’dodlarga kasb sirlari va sahna madaniyati o‘rgatiladi, hududlardagi madaniyat muassasalari va ijodiy jamoalarning muammolariga yechim topiladi.

Shuningdek, har bir ijodiy birlashma kesimida mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlarida tanlovlar tashkil etiladi. G‘olib va sovrindorlarni gastrol safarlari, festivallar hamda xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi uchun qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

Prezident mazkur tashabbuslar mamlakatda ijodiy muhitni yanada rivojlantirish, yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va milliy madaniyat hamda san’at taraqqiyotiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid