Jamiyat | 12:12
1404
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda gaz tarmog‘iga ulash bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida gaz tarmog‘iga ulash masalasini hal qilib berishni va’da qilgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tezkor tadbir davomida ulardan biri 1 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Foto: Telegram / Department_uz

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Mirzo Ulug‘bektumangaz” bo‘limi xodimining noqonuniy harakatlari fosh etildi.

Tergovga qadar tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, u fuqaroga tegishli binoga gaz tarmog‘ini ulash uchun go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali texnik shartnoma rasmiylashtirib berishini aytgan. Shuningdek, texnik shartlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni va’da qilib, bu xizmat evaziga 3 ming AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mazkur mablag‘ning bir qismi — 1 ming AQSh dollari gaz bo‘limi xodimining topshirig‘iga ko‘ra fuqaro tomonidan olinayotgan vaqtda u ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid