Jahon | 08:46
486
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Google va Microsoft uchun davlat tenderlarini cheklashi mumkin

Yevropa Komissiyasi Google, Amazon, Microsoft va boshqa AQSh texnologik korporatsiyalarining energetika, bank, sog‘liqni saqlash hamda boshqa strategik sohalardagi davlat tenderlarida ishtirokini cheklashni nazarda tutuvchi yangi qonun loyihasini tayyorladi.

Foto: AP

Reuters agentligining xabar berishicha, “Bulutli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 4 iyun kuni Yevropa parlamentiga taqdim etilishi kutilmoqda.

Hujjat Yevropa Ittifoqining bulutli texnologiyalar sohasidagi mustaqilligini kuchaytirishga qaratilgan. Loyihaga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarga qo‘shimcha talablar joriy etiladi. Asosiy mezonlardan biri sifatida uchinchi davlatlarning provayderlar ma’lumotlari va xizmatlari ustidan nazorat darajasi baholanadi.

Shuningdek, Yevropa Komissiyasi strategik sohalarda Yevropa Ittifoqida ishlab chiqilgan dasturiy va apparat ta’minotlardan foydalanishni majburiy qilishni taklif etmoqda. Bu esa Amazon, Microsoft va Google kabi yirik amerikalik bulutli xizmatlar provayderlarining davlat tenderlarida ishtirok etishini qiyinlashtirishi mumkin.

Qonun loyihasida data-markazlar qurilishini muvofiqlashtirish jarayonlarini tezlashtirish ham ko‘zda tutilgan. Biroq hujjatning amaldagi tahriri Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yevropa parlamenti tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi hozircha noma’lum.

Tashabbusning paydo bo‘lishiga AQShning Cloud Act qonuni sabab bo‘lgan. Ushbu qonun Amerika hukumat organlariga AQSh kompaniyalaridan foydalanuvchilar ma’lumotlarini talab qilish huquqini beradi, hatto ma’lumotlar serverlari boshqa davlat hududida joylashgan bo‘lsa ham.

So‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi AQSh texnologiya sektoriga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha bir qator choralarni amalga oshirdi. Xususan, Digital Markets Act (DMA) va Digital Services Act (DSA) qonunlari qabul qilingan.

Bundan tashqari, Yevropa Komissiyasi Amazon, Microsoft va Google kompaniyalariga nisbatan bir necha bor monopoliyaga qarshi tergovlar o‘tkazgan. Nemisning Handelsblatt nashri ma’lumotiga ko‘ra, Google kompaniyasi qidiruv natijalarida o‘z servislariga ustunlik bergani uchun yuzlab million yevro miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid