Jamiyat | 09:39
1624
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 4 ming yillik jarrohlik amaliyoti izlari topildi

Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida bronza davriga mansub bola bosh suyagida trepanatsiya izlari aniqlandi. Olimlar bu topilmani Markaziy Osiyoda qadimgi jarrohlik amaliyoti mavjud bo‘lganining muhim dalillaridan biri sifatida baholamoqda.

Turkiyaning arxeologiya sohasidagi nufuzli nashrlaridan biri bo‘lgan Arkeofili jurnali O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob arxeologik kashfiyot haqida maqola e’lon qildi.

Unda qayd etilishicha, Surxondaryo viloyatida, Afg‘oniston bilan chegaradosh hududda joylashgan Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida taxminan 4 ming yillik tarixga ega bo‘lgan bola bosh suyagi topilgan. Unda qadimiy jarrohlik amaliyoti — trepanatsiya izlari saqlanib qolgan.

Topilma o‘zbek va italiyalik olimlardan iborat xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan aniqlangan. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, bosh suyagi miloddan avvalgi III ming yillik oxiriga mansub bo‘lib, Baqtriya–Marg‘iyona arxeologik majmuasi, ya’ni Oks sivilizatsiyasi davriga tegishli.

Olimlar trepanatsiya izlari taxminan besh yoshida vafot etgan bolaga tegishli bosh suyagida aniqlanganini ma’lum qildi.

Qazishma ishlariga rahbarlik qilgan Italiyaning Salento universiteti arxeologi Enriko Askalone bu kashfiyot Markaziy Osiyoda 4 ming yil muqaddam tibbiy bilim va ko‘nikmalar yuqori darajada bo‘lganini ko‘rsatishini ta’kidladi.

Tadqiqotchilarning fikricha, mazkur topilma qadimgi jamiyatlarda tibbiyot qanday rivojlangani, bunday murakkab amaliyotlar kimlar tomonidan va qanday sabablar bilan o‘tkazilgani haqida yangi ilmiy savollarni o‘rtaga qo‘ymoqda. Bu savollarga javob izlash bo‘yicha tadqiqotlar davom ettiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid