Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tarixiy qal’a egallanishi va Eronning noroziligi. Livanda nimalar bo‘lmoqda?
Isroil Livandagi amaliyotni kengaytirdi va strategik muhim qal’ani egallab oldi. Eron bunga javoban tinchlik muzokaralaridan chiqish bilan tahdid qildi. Tramp hamma bilan gaplashgani va muammoni hal qilganini aytdi. Axios ma’lumotiga ko‘ra, u Netanyahuga baqirib gapirgan.
Livan va Isroil o‘rtasidagi navbatdagi eskalatsiya 2 mart kuni, «Hizbulloh» Isroilning shimoliy hududlari bo‘ylab raketalar uchirganida boshlangandi. 17 aprel kuni tomonlar o‘n kunlik otashkesim bo‘yicha kelishib olishdi, ammo to‘rt kun o‘tib vaqtinchalik sulh buzildi – «Hizbulloh» dronlari kirib kelishi tufayli Isroil shimolida yana sirenalar ovozi yangray boshladi. Shundan keyin Isroilning Bayrutga havo zarbalari hamda Isroil qo‘shinlarining Livan janubida oldinga yurishi kuzatildi; «Hizbulloh» bunga Isroil hududlarini o‘qqa tutish bilan javob qaytardi.
May oyi oxiriga kelib Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livan janubidagi quruqlik amaliyoti kengaytirilgani haqida e’lon qildi. Isroillik harbiylar Livan ichkarisiga chuqurroq kirib, Litani daryosini kesib o‘tdi, 2024 yilgi kelishuvga ko‘ra ushbu daryo «Hizbulloh» uchun chegara etib belgilangandi. Isroil mudofaa armiyasining hisoblashicha, «Hizbulloh» so‘nggi vaqtlardagi aksar hujumlarini aynan shu hududdan turib amalga oshirmoqda.
30–31 may kunlari Isroil armiyasining «Go‘lani» brigadasi Bofor qal’asini egallab oldi – bu XII asrda salibchilar tomonidan qurilgan va Livanning Nabatiya shahri janubida joylashgan qal’adir. Qal’a uzra Isroil bayrog‘i ko‘tarilgan.
Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Bofor qal’asi mamlakat shimolidagi aholi yashash manzillarini himoya qilish uchun muhim strategik nuqtalardan biri ekanini ta’kidlab, «bu kampaniya hali yakuniga yetmagani»ni qo‘shimcha qildi.
Netanyahu Bofor qal’asi egallanishini Isroil siyosatidagi «jiddiy burilish» deb atadi. «44 yil avval bu joy askarlarimizning qahramonona kurashi ramzi, shu bilan birga, jamiyatdagi chuqur bo‘linish ramziga aylangandi. Bugun Boforga boshqacha bo‘lib qaytdik. Biz birlashgan, qat’iyatli va har qachongidan ham kuchliroq bo‘lib qaytdik», – degan u. Isroil bosh vaziri endi Isroil kuchlari yanada ichkari yurishi va ilgari «Hizbulloh» nazoratida bo‘lgan hududda o‘z ta’sirini kengaytirishi lozimligini aytdi. 1 iyun kuni u mamlakat bosh vaziri Israel Kats bilan qo‘shma bayonot e’lon qilib, unda Bayrutning «Hizbulloh» ta’sir doirasida bo‘lgan janubiy chekkalariga zarba berishga buyruq berilganini ma’lum qildi.
Bofor qal’asi egallab olinishiga Livanning o‘zida ham, Yevropada ham tezkor munosabat bildirildi. Xususan, Livan bosh vaziri Navaf Salom telemurojaat bilan chiqib, Isroilni «shahar va qishloqlarni vayronaga aylantirib, aholini quvg‘in qilish» yo‘li bilan «yondirilgan yer» va livanliklarni «kollektiv jazolash» siyosatini yuritishda aybladi.
Fransiya 31 may kuni BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirishni so‘radi. «Isroilning Livandagi harbiy amaliyotlarini davom ettirishini va Livan hududining tobora ko‘proq qismi ishg‘ol etilishini hech narsa bilan oqlay bo‘lmaydi», – dedi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro BFMTV telekanaliga bergan intervyusida va Isroilning harakatlarini «jiddiy xato» deb atadi.
Livandagi mojaro keskinlashuvini Buyuk Britaniya va Germaniyada ham qoralashdi. Britaniya TIV rahbari Ivett Kuper harbiy eskalatsiya tinch aholi vakillari o‘limiga olib kelayotgani, odamlarni o‘z uylarini tark etishga majbur qilayotgani, infratuzilmalarni yakson etayotgani hamda diplomatiya uchun maydonni toraytirayotganini aytdi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohan Vadeful Isroil armiyasining oldinga yurishi «jiddiy xavotir uyg‘otayotgani»ni aytib, ikki tomonni ham harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Isroil harakatlariga Eron tomonidan ham reaksiya bo‘ldi, Tehrondagilar avvalboshda Livanda o‘t ochish to‘xtatilishini AQSh bilan muzokaralarni davom ettirish uchun majburiy shartlardan biri deb atagandi. 1 iyun kuni Eronning Tasnim davlat agentligi Tehron Isroilning Livanga zarbalari tufayli AQSh vakillari bilan xabar almashishni to‘xtatayotganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Livanni nazarda tutgan holda frontlardan birida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilishi «butun frontdagi buzilishni anglatishi»ni ta’kidladi va oqibatlar uchun AQSh hamda Isroil mas’ul ekanini qo‘shimcha qildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa Eron bilan muzokaralar «tez sur’atlarda ketayotgani»ni ma’lum qildi. O‘sha kuni ABC telekanaliga bergan intervyusida u «kichik muammo yuzaga kelgani», ammo «Hizbulloh» vakillari va Netanyahu bilan gaplashib, ulardan o‘zaro otishmani to‘xtatishni so‘rab, «hammasini tezda hal qilgani»ni aytdi.
Bir kun o‘tib Axios nashri Trampning Isroil bosh vaziri bilan telefon orqali qilgan muloqoti tafsilotlarini yozib chiqdi. Nashr manbalari ikki siyosatchining suhbatini Tramp Oq uyga qaytganidan keyingi davrdagi «eng og‘ir o‘tgani» deb atagan. Jurnalistlar bilan suhbatda bo‘lgan rasmiylardan biri Tramp Netanyahuning Bayrutni yana bir marta bombalash rejasidan norozi bo‘lib, u «butkul aqldan ozgani»ni aytgan. «Agar men bo‘lmaganimda, sen hozir qamoqda o‘tirgan bo‘larding. Men seni qutqaryapman. Endi seni hamma yomon ko‘radi. Shu sababli hamma Isroilni ham yomon ko‘radi», — deya AQSh prezidentining so‘zlarini keltiradi manba. Boshqa bir suhbatdosh esa Tramp Netanyahuga baqirib gapirganini aytgan: «Sen nima qilib yuribsan o‘zi?» (originalida – «What the fuck are you doing?»).
Ushbu muloqotdan keyin Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Netanyahudan Bayrutda yirik amaliyot o‘tkazmaslikni so‘ragani va u «o‘z qo‘shinlarini ortga qaytargani» haqida yozgan.
Isroil bosh vaziri idorasi ham Netanyahu va Tramp o‘rtasidagi muloqot haqida xabar bergan. Netanyahu agar «Hizbulloh» Isroil shaharlarini o‘qqa tutishni to‘xtatmaydigan bo‘lsa, Isroil «Bayrutdagi terrorchilik nishonlari» bo‘ylab zarbalar berishidan ogohlantirgan. «Bizning pozitsiyamiz o‘zgarmaydi», – degan Isroil bosh vaziri.
Isroildagi 12-kanalining Netanyahu yaqin bo‘lgan manbasi suhbat «keskin ohangda» o‘tganini tan olgan, lekin Tramp tomonidan haqoratli so‘zlar ishlatilganini rad etgan. Manbaga ko‘ra, 1 iyun kuni kechqurun ikki bor telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgan. Ikkinchisida tomonlar bir-biriga norozilik bildirgan, chunki ularning ikkisi ham oldingi suhbat mazmunini ommaga bayon qilgandi. Telekanal suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Tramp va Netanyahu oxir-oqibat quyidagi shart bo‘yicha kelishishgan: agar Isroil hududiga yangi zarbalar berilmasa, Isroil Bayrutga zarba berishdan voz kechadi.
Ammo bu xabarlardan ko‘p o‘tmay, Isroilning Livan bilan chegaradagi Metula shahri va atrofdagi boshqa aholi yashash manzillarida havo hujumi xavfi haqida ogohlantiruvchi signallar yangradi. Sirenalar keyingi kuni ham davom etdi. 2 iyun kuni Vashingtonda Isroil va Livan elchilari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarning yangi bosqichi boshlandi. Muzokaralar ikki kun davom etadi.
Mavzuga oid
20:32
Albaniyada namoyishlar: Trampning kuyoviga aloqador kompaniya muhofaza hududida kurort qurmoqchi
16:47 / 02.06.2026
«Sening toming ketgan» – Tramp Livanga hujum tufayli Netanyahuni qattiq koyidi
21:04 / 01.06.2026
Nima oldin tugaydi – neft yoki urush? Eron Trampni tinchlikka qanday majburlamoqda?
18:08 / 01.06.2026