Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Tramp va Netanyahu janjali doka ro‘mol qurishidek gap” – siyosatshunos
Tramp va Netanyahuning so‘nggi telefon muloqotida yuzaga chiqqan keskinlik Eron masalasida yondashuvlar bir xil emasligini ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar fikricha, bu tafovutlar asosan taktik darajada bo‘lib, har ikki tomonning Eron va “Hizbulloh” borasidagi tub pozitsiyasida bo‘linish yo‘q.
Mavzu yuzasidan Kun.uz studiyasida siyosiy tahlilchilar Shavkat Ikromov, Abror Fatxullayev va Jahongir Akramov so‘z yuritdi.
— Tramp va Netanyahuning telefon muloqotidan so‘ng Eron bo‘yicha pozitsiyalarda tafovut yuzaga keldimi?
Shavkat Ikromov: Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu so‘nggi 30 yil davomida AQShning bir necha prezidenti bilan keskin munozaralarga kirishgan va ayrim hollarda tanqidiy, hatto haqoratomuz dashnomlarni ham eshitgan. Shu bois Donald Trampning keskin bayonotlari u uchun yangilik emas.
Yaqinda Axios nashrida Trampning Netanyahu haqidagi fikrlari batafsil, hatto so‘zma-so‘z keltirildi (keyinroq Tramp bu xabarni shaxsan o‘zi tasdiqladi – tahr.). Unda Tramp Netanyahuni Isroil obro‘siga putur yetkazishda ayblab, agar u bo‘lmaganida Netanyahu allaqachon qamoqda bo‘lishi mumkinligini aytgani ta’kidlanadi.
Shunga qaramay, bunday keskin bayonotlardan ortiqcha xulosa chiqarish to‘g‘ri emas. AQSh va Isroil o‘rtasida sovuqlashuv yuz berdi, degan fikrlar asossiz. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik saqlanib qolmoqda. Hatto yaqin kunlarda ular Eron bilan bog‘liq harakatlarda birgalikda qatnashgani bunga misol bo‘la oladi.
Aslida hozirgi vaziyatda Tramp va Netanyahuning maqsadlari ma’lum darajada farqlanadi. Donald Tramp ichki siyosiy omillar – saylovlar, AQShning 250 yilligi kabi muhim sanalar oldidan o‘zini g‘olib sifatida ko‘rsatishga intilmoqda. Shu bilan birga, urushning iqtisodiy oqibatlari – yoqilg‘i narxlarining oshishi kabi omillar ham uning qarorlariga ta’sir qilmoqda.
Netanyahu uchun ham vaziyat murakkab. U ham siyosiy jihatdan muhim davrga kirib bormoqda va ijobiy natijalar bilan chiqishni istaydi. Shu bois, har ikki liderning ustuvor yo‘nalishlari hozir to‘liq mos kelmaydi. Eron masalasida ham ularning yondashuvi turlicha. Netanyahu uzoq yillardan beri AQSh prezidentlarini Eron yadroviy dasturini to‘liq to‘xtatishga ko‘ndirishga harakat qilib keladi. Bu boradagi eng muhim natija 2015 yilda Barak Obama davrida imzolangan yadroviy kelishuv bo‘ldi. Ushbu kelishuv doirasida Eron muayyan cheklovlarga rozi bo‘lgan edi.
Mutaxassislarning baholashicha, Tramp davridagi keskin siyosat va bosimlarga qaramay, yadroviy dastur bo‘yicha sezilarli natijaga erishilmadi. Aksincha, mintaqadagi keskinlik kuchaydi va strategik jihatdan murakkab vaziyat yuzaga keldi.
Xulosa qilib aytganda, Tramp va Netanyahuning o‘zaro keskin munosabatlari yoki bayonotlaridan katta siyosiy burilish kutish to‘g‘ri emas. Ularning maqsadlari ayrim jihatlarda farqlansa-da, umumiy strategik yo‘nalish – Eronning kuchayishini cheklash, ikkisi uchun ham muhim bo‘lib qolmoqda.
Abror Fatxullayev: Hozircha strategik yo‘nalishlar o‘zgarmagan, biroq taktik darajada ayrim kelishmovchiliklar va farqlar mavjud. So‘nggi kunlarda kuzatilgan keskin bayonotlar va dashnomlar esa Donald Trampga xos siyosiy uslub. Keskin tanqid qilish, bosim o‘tkazish va qarama-qarshilik orqali natijaga urinish. U ko‘pincha keskin fikr bildirib, keyin yana murosaga keladigan siyosatchi sifatida tanilgan.
Shu sababli, bugun yuzaga kelgan ziddiyatlar ertaga strategik masalalarda yana kelishuvga erishilishiga to‘sqinlik qilmaydi. Tomonlar oxir-oqibat muhim yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirishga majbur bo‘ladi. Hozirgi vaziyatda AQSh bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishda siyosat yuritmoqda.
Bir tomondan, Isroilni Livanga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatishga undamoqda. Ikkinchi tomondan esa Vashingtonda diplomatik muzokaralar olib borilmoqda. Xususan, Livan parlamenti spikeri Nabih Berri AQShda bo‘lib, muzokaralarda ishtirok etmoqda. U shia jamoasining muhim vakillaridan biri, “Hizbulloh” bilan bog‘liq siyosiy jarayonlarda ham muhim rol o‘ynaydi.
Hozirgi bosqichda Isroil tomonidan “Hizbulloh” infratuzilmasiga jiddiy zarbalar berilmoqda. Netanyahu kelishuvlarga nisbatan ehtiyotkor yoki qarshi pozitsiyada turibdi. Shunga qaramay, mavjud vaziyatda muqobil yo‘l deyarli yo‘q va oxir-oqibat kelishuvga erishilishi ehtimoli yuqori.
Sulh jarayonlari muayyan muddatlar bilan bog‘liq bo‘lib, avvalgi mojarolarda ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan. Masalan, ilgari 50 kun atrofida davom etgan harbiy to‘qnashuvlardan so‘ng sulhga erishilgan. Hozirgi vaziyat esa ancha mavhum – uni “na urush, na tinchlik holati” deb ta’riflash mumkin.
Rasmiy ravishda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv borligi aytilmoqda, ammo amalda bu rejim bir necha bor buzilgan. Shu sababli vaziyat nozik va barqaror emas. Umuman olganda, ushbu murakkab vaziyatni hal qilishda asosiy rol ayni paytda Amerika Qo‘shma Shtatlariga tegishli bo‘lib qolmoqda.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
08:21
AQSh: Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi
22:03 / 03.06.2026
Netanyahu Tramp bilan bo‘lgan bahsni oilaviy kelishmovchilikka qiyosladi
17:02 / 03.06.2026
Tarixiy qal’a egallanishi va Eronning noroziligi. Livanda nimalar bo‘lmoqda?
11:12 / 03.06.2026