Jahon | 20:34
7237
2 daqiqa o‘qiladi

Bu xat qo‘pollik unsurlariga ega - Putin Zelenskiyning xati haqida

Kreml rahbari bir kun oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan o‘ziga yozilgan xat yuzasidan fikrlarini bildirdi. U Zelenskiyni saylovga borishga chaqirib, hozircha u bilan uchrashishdan ma’no ko‘rmayotganini qayd etgan.

Foto: Ivan Sekretarev / RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 5 iyun kuni Peterburgda o‘tkazilayotgan Xalqaro iqtisodiy forum doirasida axborot agentliklari rahbarlari bilan uchrashdi.

Kreml rahbari bir kun oldin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan o‘ziga yozilgan xat haqidagi fikrlarini aytdi.

«Ertalab Peskov uzatgan bu qog‘ozga ko‘z yugurtirib chiqdim. Zelenskiy mening yoshimni tilga oldi, lekin asosiysi yosh emas, balki ishlash qobiliyatidir.

Zelenskiy saylovga borishdan qo‘rqmasligi kerak, saylovsiz prezidentlik lavozimida qolish hokimiyatni egallab olish deb ataladi.

Men hech qachon Zelenskiy bilan uchrashishdan bosh tortmaganman. Lekin «bo‘sh idishni yana bir bo‘sh idishga bo‘shatishni» istamayman.

Uch hafta oldin biznes doiralarimizning bir vakili Kiyevga borib, Zelenskiy bilan uchrashdi. U qaytib keldi va Zelenskiy uchrashishni so‘raganini aytdi. Keyin Starobelskka zarba berildi, u yerda bolalar va o‘smirlar halok bo‘ldi.

Bu xat qo‘pollik unsurlariga ega. Hozircha Zelenskiy bilan uchrashishdan ma’no ko‘rmayapman», dedi Putin.

4 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya rahbariga ochiq maktub yo‘llab, unda Ukraina Rossiya uchun urush narxini keskin oshirishga qodirligini aytdi va harbiy harakatlarni tugatish uchun shaxsan uchrashishga chaqirgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid