Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Airbus 22 soatgacha parvoz qila oladigan samolyotni sinamoqda
Airbus kompaniyasi rekord darajada uzoq davom etadigan to‘xtovsiz reyslarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan A350-1000ULR samolyotining ilk sinov parvozini o‘tkazdi. Yangi samolyot deyarli bir sutka davomida havoda qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sinov Fransiyaning Tuluza shahrida bo‘lib o‘tdi. Parvoz 3 soat 43 daqiqa davom etdi va samolyot taxminan 12,5 kilometr balandlikka ko‘tarildi.
A350-1000ULR (Ultra Long Range — o‘ta uzoq masofaga uchuvchi) samolyoti Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan Project Sunrise dasturi uchun maxsus ishlab chiqilgan. Loyiha dunyodagi eng uzoq to‘xtovsiz yo‘lovchi reyslarini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Samolyotning asosiy vazifasi Sidney va London o‘rtasidagi taxminan 18,5 ming kilometrlik masofani qo‘nishsiz bosib o‘tishdan iborat. Buning uchun Airbus muhandislari samolyot konstruksiyasini takomillashtirib, fyuzelyajning orqa qismiga qo‘shimcha markaziy yoqilg‘i bakini o‘rnatgan.
Natijada samolyotning uchish masofasi standart A350-1000 modeliga nisbatan qariyb 1 800 kilometrga oshgan. Bu esa havo kemasiga 22 soatgacha uzluksiz parvoz qilish imkonini beradi.
Birinchi sinov parvozi davomida mutaxassislar samolyotning uchish xususiyatlari, shuningdek yangi yoqilg‘i tizimi faoliyatini baholadi. Parvoz ikki oy davom etadigan sertifikatlashtirish dasturining boshlanishi hisoblanadi.
Ayni paytda ikkinchi A350-1000ULR samolyoti ham yig‘ishning so‘nggi bosqichida turibdi. Airbus ma’lumotiga ko‘ra, u yaqin vaqt ichida dvigatellar va to‘rt sinfli premium salon bilan jihozlanadi.
Kompaniya rejasiga ko‘ra, birinchi A350-1000ULR samolyoti 2027 yil aprel oyida Qantas aviakompaniyasiga topshiriladi.
Mutaxassislar fikricha, Project Sunrise dasturi fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng yirik innovatsion loyihalardan biri bo‘lib, u qit’alar o‘rtasidagi parvozlarda an’anaviy masofa cheklovlarini sezilarli darajada kengaytirishi mumkin.
Mavzuga oid
18:11 / 20.06.2026
Tramp Qatar sovg‘a qilgan 400 mln dollarlik yangi samolyotni namoyish qildi
20:07 / 27.04.2026
Boeing dunyodagi eng katta va qudratli ikki dvigatelli yuk samolyotini taqdim etdi
20:48 / 05.04.2026
AQSh Eron bilan urush davomida yettita samolyotini yo‘qotdi – OAV
13:56 / 23.03.2026