Iqtisodiyot | 22:09 / 08.06.2026
812
2 daqiqa o‘qiladi

«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi

Rossiya gaz giganti 2025 yilda 6,48 milliard kub metr tabiiy gazni O‘zbekistonga yetkazgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Sergey Bobylev / TASS

«Gazprom» 2025 yilda O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirdi, deyiladi Rossiya kompaniyasining yillik hisobotida. Raqamlar «Interfaks» tomonidan keltirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2025 yilda Rossiya gazini Markaziy Osiyo yo‘nalishida: Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga yetkazib berish ko‘paytirilgan.

Ta’kidlanishicha, «Gazprom» ushbu mintaqaga gaz eksportini yanada oshirishni maqsad qilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025 yil oxiriga kelib Markaziy Osiyo mamlakatlarida tabiiy gaz iste’moli 110 milliard kub metrdan oshgan.

Qayd qilinishicha, 2025 yilda qozog‘istonlik hamkorlar bilan muzokaralar natijasida 2025 va 2026 yillarda qo‘shimcha gaz yetkazib berish bo‘yicha bir qator tijorat kelishuvlariga erishilgan.

O‘zbekistonga Qozog‘iston hududi orqali «Markaziy Osiyo - Markaz» magistral gaz quvuri orqali teskari rejimda gaz yetkazib berish hajmi oshgan. 2025 yilda bu 6,48 milliard kub metrga yetdi, bu 2024 yilga (5,64 milliard kub metr) nisbatan 14,9 foizga ko‘p; 2023 yilda (bu yo‘nalishda yetkazib berish boshlangan yil) 1,28 milliard kub metr eksport qilingan edi. 2025 yil IV choragida O‘zbekistonga gaz yetkazib berish maksimal texnik imkoniyat darajasida ta’minlandi, deyiladi hisobotda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid