Jahon | 09:11
2454
2 daqiqa o‘qiladi

Dog‘istonda magistral gaz quvurida portlashlar yuz berdi

Rossiyaning Dog‘iston Respublikasida joylashgan Qizilyurt shahri yaqinida magistral gaz quvurida ketma-ket uchta portlash sodir bo‘ldi. Hodisa ortidan yirik yong‘in kelib chiqqan bo‘lib, xavfsizlik maqsadida 140 nafardan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Hodisa 9 iyun kuni «Gazprom transgaz Maxachkala» kompaniyasiga qarashli «Mozdok – Qozimagomed» magistral gaz quvurida sodir bo‘lgan.

Dog‘iston Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, avariyaga Qizilyurt tumanidagi Bavtug‘ay va Gelbax aholi punktlari oralig‘ida quvurning germetikligi buzilishi sabab bo‘lgan.

Portlashlardan keyin kelib chiqqan yong‘in juda kuchli bo‘lib, alanga balandligi 15 metrgacha yetgan.

140 nafar aholi evakuatsiya qilindi

Favqulodda xizmatlar yong‘inni bartaraf etish uchun ikki soatdan ortiq vaqt davomida ish olib borgan.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik chorasi sifatida Qizilyurt tumanida yashovchi qariyb 140 nafar fuqaro evakuatsiya qilinib, vaqtincha qarindoshlari uylariga joylashtirilgan.

Rasmiylar hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qildi.

Gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi

Portlash va yong‘in oqibatlarini bartaraf etish ishlari munosabati bilan Qizilyurt shahri, shuningdek, Qizilyurt va Kumtorqalin tumanlaridagi bir qator aholi punktlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatilishi bildirildi.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, «Gazprom transgaz Maxachkala» dispetcherlik xizmati hududda uch kunlik gaz zaxirasi mavjudligini ma’lum qilgan.

Quvur strategik ahamiyatga ega

«Mozdok – Qozimagomed» magistral gaz quvuri Dog‘istonning qator tumanlarini tabiiy gaz bilan ta’minlaydi. Shuningdek, mazkur quvur Rossiyadan janubiy yo‘nalishga, jumladan Ozarbayjonga tabiiy gaz yetkazib berish tizimining muhim qismi hisoblanadi.

Hozirda hodisa sabablari bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid