Sport | 14:37
6135
16 daqiqa o‘qiladi

Mundial tanishtiruvi. A guruhi haqida nimalarni bilish kerak?

To‘rt qit’adan to‘rt jamoa.

Foto: FIFA rasmiy sayti

Bugun okean ortida futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari boshlanadi. 48 jamoa ishtirokidagi turnirni mezbonlardan biri bo‘lgan Meksika va 16 yil oldingi mundialga mezbonlik qilgan JAR milliy jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ochib beradi. Quyida A guruhidan o‘rin olgan jamoalar haqida asosiy ma’lumotlar va ularning imkoniyatlari haqida.

A guruhi taqvimi

1-tur

12 iyunga o‘tar kechasi, soat 00:00 (Toshkent vaqti)
Meksika – JAR

12 iyun, soat 07:00
Janubiy Koreya – Chexiya

2-tur

18 iyun, soat 19:00
Chexiya – JAR

19 iyun, soat 06:00
Meksika – Janubiy Koreya

3-tur

25 iyun, soat 06:00
Chexiya – Meksika

25 iyun, soat 06:00
JAR – Janubiy Koreya

Meksika

Murabbiy

Jamoa oxirgi Amerika kubogida guruhdan chiqa olmagach, 2024 yil iyulida bosh murabbiy Hayme Losano o‘rnini Haviyer Agirre egalladi – bu uning uchun jamoa boshqaruviga uchinchi bor kelishi bo‘ldi. U oldin ham ikki marta meksikaliklarni jahon chempionatlariga olib borgan – 2002 va 2010 yillarda. Ikkala holatda ham jamoa pley-offga chiqqan, ammo 1/8 finaldan ortga qaytgan.

Ushbu mutaxassis Meksika bilan ikki marta KONKAKAF Oltin kubogini qo‘lga kiritgan, futbolchilik vaqtida esa 1986 yilgi jahon chempionatida jamoaning asosiy futbolchisi bo‘lgan – ammo chorak finalda Germaniyaga qarshi o‘yinda qizil kartochka olgan, yakunda meksikaliklar penaltilar seriyasida yutqazishgan.

Yulduzlar

Jamoatchilikning e’tibori birinchi navbatda 40 yoshli Gilermo Ochoaga qaratilmoqda. Ushbu darvozabon uchun bu safargi mundial oltinchisi bo‘ladi – bu ko‘rsatkich bo‘yicha u Messi va Ronaldu bilan bir qatorda mutlaq rekord egasi bo‘ladi. Shu bilan birga, u maydonga tushishi dargumon. U 2024 yil noyabridan buyon milliy jamoa darvozasini qo‘riqlamayapti, 2026 yilda meksikaliklar darvozasini «Gvadalahara» posboni Raul Ranhel hech kimga bermayapti.

Jamoaning yana bir faxriy futbolchisi, shu kunlarda «Fulhem»dan «Vulverhempton»ga qaytgan Raul Ximenes ham ko‘pchilik muxlislarga tanish. Ushbu hujumchi yana ikki gol urish orqali Meksika milliy jamoasi to‘purarlari ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa chiqib olishi mumkin, birinchi o‘rindagi Chicharitoga yetish uchun esa sakkizta gol qolgan.

Real maqsad

Meksikaliklar o‘zining eng yaxshi natijasini takrorlab, chorakfinalgacha yetib borish uchun imkoniyatga ega. Katta ehtimol bilan, bunday natija – orzularning eng yuqori chegarasi, bundan ko‘proq narsaga umid qilish xayolparastlik bo‘lardi. Albatta, jahon chempionati mezbonlari o‘z imkoniyatlari chegarasidan tashqariga chiqqan holatlar ham bo‘lgan, ammo bunaqasini oldindan prognoz qilib bo‘lmaydi.

Tarkib

Darvozabonlar: Raul Ranxel («Gvadalahara»), Karlos Asevedo («Santos Laguna»), Gilermo Ochoa (AYeL).
Himoyachilar: Israel Reyyes («Klub Amerika»), Xorxe Sanches (PAOK), Sesar Montes («Lokomotiv»), Edson Alvares («Fenerbahche»), Xoan Vaskes («Jyenoa»), Xesus Galyardo («Toluka»), Mateo Chaves («AZ Alkmar»).
Yarimhimoyachilar: Alvaro Fidalgo («Betis»), Brian Guterres («Gvadalahara»), Orbelin Pineda (AYeK Afina), Erik Lira («Krus Asul»), Luis Romo («Gvadalahara»), Obed Vargas («Atletiko»), Xilberto Mora («Tixuana»), Luis Chaves («Dinamo» Moskva).
Hujumchilar: Roberto Alvarado («Gvadalahara»), Sesar Uerta («Anderleht»), Gilermo Martines («UNAM Pumas»), Armando Gonsales («Gvadalahara»), Santiyago Ximenes («Milan»), Raul Ximenes («Vulverhempton»), Xulian Kinones («Al-Qodisiya»), Ernesto Vega («Toluka»).

JAR

Murabbiy

74 yoshli Hyugo Bros JCh tarixidagi eng keksa yoshli murabbiy bo‘lishi mumkin edi, ammo Dik Advokat Kyurasao milliy jamoasiga qaytishi va quyida nomi keladigan yana bir milliy jamoa bosh murabbiyi tufayli belgiyalik ushbu mutaxassis uchinchi o‘rinda joylashgan. U faoliyatini qariyb 40 yil muqaddam, 1988 yilda boshlagan, 2024 yilda ilk katta yutug‘iga erishgan – Afrika millatlar kubogida bronza medallar qo‘lga kiritilgan. Bu JAR uchun XXI asrda ilk bor qit’a turnirida shohsupaga ko‘tarilish bo‘lgandi.

Darvoqe, Bros ham Agirre kabi 1986 yilgi jahon chempionatida futbolchi sifatida ishtirok etgan, o‘shanda birinchi tur doirasida Meksika va JAR o‘yinida bir-biriga qarshi o‘ynashgan.

Yulduzlar

Bu jamoada ham asosiy yulduz darvozabon. Ronuen Uilyams bolaligida «Tottenhem» akademiyasida tahsil olgan bo‘lsa-da, butun professional karerasini o‘z vatanida o‘tkazdi. Ammo shu yerda o‘ynab, mashhurlikka erisha oldi va 2024 yilda Lev Yashin mukofoti uchun nomzod bo‘ldi. Afrikalik darvozabon o‘shanda Afrika kubogida yorqin o‘yin ko‘rsatgan, chorakfinaldagi o‘yindan keyingi penaltilar seriyasida raqiblarning to‘rtta zarbasini qaytargan. Buning evaziga u jahonning eng yaxshi darvozabonini aniqlash uchun ovoz berish jarayonida Gregor Kobelni ortda qoldirib, to‘qqizinchi o‘rinni egallagandi.

Jamoaning oldingi chizig‘ida esa barcha umid «Byornli» a’zosi bo‘lgan 25 yoshli Layl Fosterdan. APLdagi eng kam maosh oluvchi futbolchi (haftasiga 887 yevro) o‘tgan mavsumda APLda Gabi Jyezus, Temmi Abraham, Federiko Kiyeza, Estevao, Amad Diallo, Gabriel Martinelli va Bernardu Silva kabi yulduz futbolchilardan ko‘proq gol (3+2) urdi. Balki u jahon chempionatida to‘purarlik qobiliyatini namoyish etish orqali kuchliroq klubga va yaxshiroq maoshga ega bo‘lar?

Real maqsad

Janubiy afrikaliklar jamoasi har bir ochkodan xursand bo‘lishi tayin. Agar Bros JARni tarixda ilk bor jahon chempionati pley-off bosqichiga olib chiqadigan bo‘lsa, bu mamlakatda katta voqeaga aylanadi. Va endilikda guruhdan chiqish osonroq bo‘lib qolgani muhim emas. Guruhda uchinchi o‘rinni egallash va 1/16 finalda munosib ishtirok etib, ortga qaytish – jamoa muxlislarini xafa qilmaydigan natija bo‘ladi.

Tarkib

Darvozabonlar: Ronuen Uilyams («Mamelodi Sandaunz»), Rikardo Goss («Sivelele»), Sifo Sheyn («Orlando Payrets»).
Himoyachilar: Kxuliso Mudau («Mamelodi Sandaunz»), Olvetu Maxanya («Filadelfiya»), Bredli Kross («Kayzer Chifs»), Tabang Matuludi («Polokvane Siti»), Nkosinati Sibisi («Orlando Payrets»), Obrey Modiba («Mamelodi Sandaunz»), Mbekezeli Mbokazi («Chikago»), Ime Okon («Hannover»), Samukele Kabini («Molde»), Kamoxelo Sebelebele («Orlando Payrets»), Xulumani Ndamane («Mamelodi Sandaunz»).
Yarimhimoyachilar: Teboxo Mokuna («Mamelodi Sandaunz»), Jyeyden Adams («Mamelodi Sandaunz»), Talente Mbata («Orlando Payrets»), Yaya Sitole («Tondela»).
Hujumchilar: Osvin Appollis («Orlando Payrets»), Tshepang Moremi («Orlando Payrets»), Evidens Makgopa («Orlando Payrets»), Layl Foster («Byornli»), Ikraam Rayners («Mamelodi Sandaunz»), Relebohile Mofokeng («Orlando Payrets»), Temba Zvane («Mamelodi Sandaunz»), Tapelo Maseko (AYeL).

Janubiy Koreya

Murabbiy

Janubiy koreyaliklar milliy jamoasi o‘z uyida o‘tkazilgan 2002 yilgi jahon chempionatida sensatsiya ko‘rsatib, yarimfinalga qadar yetib borganida ushbu jamoa yetakchisi tajribali himoyachi Xon Men Bo edi. U o‘sha turnir yakunida Kan va Ronaldo bilan birga shohsupaga ko‘tarilib, «Bronza to‘p»ni qabul qilib olgandi. Uning milliy jamoa safida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha rekordi yaqin vaqtlargacha saqlanib turdi va faqat Son Heung Min bu natijani yangilay oldi. Umuman olganda, u mahalliy miqyosdagi afsona hisoblanadi.

Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Bo murabbiylik faoliyatini boshlab, 2014 yilda milliy jamoani Braziliya yashil maydonlarida o‘tgan mundialga olib bordi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchrab, guruhda oxirgi o‘rinni egalladi. 12 yil o‘tib u navbatdagi urinishni amalga oshirib ko‘radi.

Yulduzlar

Osiyoning barcha davrlardagi eng yaxshi futbolchisi, APL «Oltin butsa»si va Pushkash mukofoti sohibi, milliy jamoa tarixidagi o‘yinlar soni bo‘yicha birinchi, gollar soni bo‘yicha ikkinchi, «Tottenhem» tarixidagi eng yaxshi to‘rtinchi to‘purar, juda oliyjanob va yaxshi xulqli futbolchi – umuman, Son Heung Minga ta’rif berishni uzoq davom ettirish mumkin. U to‘laqonli jahon miqyosidagi yulduz hisoblanadi.

Koreyaliklar sardori jahon chempionatida to‘rtinchi bor ishtirok etadi va faqat bir marta pley-offda o‘ynagan. Koreyaliklar safida undan tashqari «Bavariya» himoyachisi Kim Min Je va «PSJ» yarimhimoyachisi Li Kan In kabi yulduz futbolchilar ham okeanortiga yetib kelgan.

Real maqsad

Jamoaning 2026 yildagi natijalari xavotir uyg‘otadi – Janubiy Koreya Kot-d'Ivuarga ham, Avstriyaga ham o‘rtoqlik uchrashuvlarida yutqazdi va bu o‘yinlarda birorta gol ura olmadi. Ammo jamoadagi ijrochilarning mahorati darajasi pley-offga chiqish va bu bosqichda kamida bitta o‘yinda g‘alaba qozonish uchun yetarli hisoblanadi. Jamoada turnirning eng yaxshi 16 jamoasi qatoriga kirish uchun imkoniyat yetarli.

Tarkib

Darvozabonlar: Jo Heng U («Ulsan Hyonde»), Kim Sin Gyu («Tokio»), Son Bom Gyn («Chonbuk Hyonde Motors»).
Himoyachilar: Kim Min Je («Bavariya»), Cho Yu Min («Al-Sharja»), Li Han Bom («Midtyullann»), Kim The Hyong («Kasima Antlers»), Pak Jin Seob («Chjetszyan»), Li Ki Hek («Kanvon»), Li Te Sok («Austriya» Vena), Sol Yen U («Tsrvena Zvezda»), Yyens Kastrop («Borussiya» Myonhengladbah), Kim Mung Hvang («Techjon Sitizen»).
Yarimhimoyachilar: Yan Heung Jung («Seltik»), Payk Syn Xo («Birminghem»), Hvang In Byom («Feyyenoord»), Kim Jing Gyu («Chonbuk Hyonde Motors»), Pe Ju Xo («Stok Siti»), Om Ji Sun («Suonsi»), Hvang Hi Chhang («Vulverhempton»), Li Dong Geng («Ulsan»), Li Je Son («Mayns»), Li Kan In («PSJ»).
Hujumchilar: O Xen Gyu («Beshiktosh»), Son Heung Min («Los-Anjyeles»), Jo Gyu Son («Midtyullann»).

Chexiya

Murabbiy

Hyugo Bros jahon chempionatidagi eng keksa murabbiylar ro‘yxatida ikkinchi ham bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan murabbiy – Miroslav Koubek sentabr oyida 75 yoshga to‘ladi. Uni o‘tish o‘yinlari oldidan, 2025 yil dekabrida jamoa boshqaruviga tayinlashgandi. Undan oldingi murabbiy Ivan Gashek Farer orollaridan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin iste’foga chiqarilgandi, ammo jamoa guruhda ikkinchi o‘rinni olib, Amerikadagi turnirga yo‘llanma uchun kurashni davom ettirdi.

Koubek boshchiligida jamoa o‘tish bosqichida Irlandiya va Daniya to‘sig‘idan o‘tdi – ikki o‘yin taqdiri ham penaltilar seriyasida hal bo‘ldi. Miroslavning faoliyati titullar va yorqin vaziyatlarga boy emas – u o‘n yil muqaddam «Viktoriya» bilan chempionlik va Superkubokni qo‘lga kiritgan. Uning hayotidagi eng yaxshi hissiyotlar oldinda turgan bo‘lsa ajab emas.

Yulduzlar

Chexiya futbolida anchadan buyon Nedved yoki hech bo‘lmaganda Rositski darajasidagi futbolchilar chiqmayapti, ammo hozirgi avlodda ham nomlar yetarli. Bir necha yildan buyon jamoaning asosiy yulduzi Patrik Shik bo‘lib turibdi, ushbu hujumchi Yevro-2020 turnirida eng yaxshi to‘purar bo‘lgan, «Bayyer» tarixidagi to‘purarlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinda turibdi. Irlandlar bilan o‘yinda aynan u penaltidan hisobni tenglashtirib, kambekni boshlab bergandi, saralashning asosiy qismida esa u raqiblar darvozasini to‘rt bor ishg‘ol etgandi.

Real maqsad

Chexlar guruh favoriti emas, ammo guruhda oxirgi o‘rinda ham qolmasligi kerak. Ko‘p narsa birinchi turda Janubiy Koreya bilan o‘yindan keyin oydinlashadi. JCh-2006 dagi natija takrorlanib, pley-offga chiqa olmaslik har qanday holatda ham muvaffaqiyatsizlik sifatida qabul qilinadi. Jamoa kamida 1/16 finalga chiqishni ko‘zlagan.

Tarkib

Darvozabonlar: Lukash Gornichek («Braga»), Matey Kovarj (PSV), Indrjix Stanek («Slaviya»).
Himoyachilar: Vladimir Tsoufal («Hoffenhaym»), David Doudera («Slaviya»), Tomash Golesh («Slaviya»), Robin Granach («Hoffenhaym»), Shtepan Xaloupek («Slaviya»), David Yurasek («Slaviya»), Ladislav Kreychi («Vulverhempton»), Yaroslav Zeleni («Sparta»), David Zima («Slaviya»).
Yarimhimoyachilar: Lukash Cherv («Viktoriya»), Vladimir Darida («Gradets-Kralove»), Lukash Provod («Slaviya»), Mixal Sadilek («Slaviya»), Hyugo Soxurek («Sparta»), Aleksandr Soyka («Viktoriya»), Tomash Souchek («Vest Hem»), Pavel Shuls («Lion»), Denis Vishinski («Viktoriya»).
Hujumchilar: Adam Glojyek («Hoffenhaym»), Tomash Xori («Slaviya»), Moymir Xitil («Slaviya»), Yan Kuxta («Sparta»), Patrik Shik («Bayyer»).

Prognoz

  • Meksika
  • Janubiy Koreya
  • Chexiya
  • JAR

Albatta, meksikaliklar guruhda birinchi o‘rinni egallashi kerak, bunday raqiblar bilan bir guruhda mezbon jamoa uchun boshqacha maqsad qabul qilinmaydi. JAR esa bu raqiblardan istalganiga muammolar tug‘dirishga qodir, ammo jamoaning 1/16 finalga chiqish imkoniyatlari ancha past. Avlodlar almashinuvi davrini boshdan kechirayotgan chexlar esa ikkinchi o‘rinni Janubiy Koreyadan olib qo‘yishi qiyin ish. Koreyaliklar birinchi o‘rin uchun Meksika bilan raqobatlashishini kutish mumkin.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid