Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Noqonuniy qurilishlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi
O‘zbekistonda noqonuniy va ruxsatsiz qurilishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, ulushli qurilish sohasida fuqarolar huquqlarini himoya qilish hamda shaharsozlik jarayonlarini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan yangi tashabbuslar muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shaharsozlik va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda qurilish sohasidagi mavjud muammolar tahlil qilinib, noqonuniy va ruxsatsiz qurilishlar, qurilish muddatlarining sun’iy ravishda uzaytirilishi hamda yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish holatlari saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, amaldagi jarimalarning ta’sirchanligi yetarli emas. Faqat 2025 yilning o‘zida 1 952 ta noqonuniy qurilish holati aniqlangan. Shu munosabat bilan sohadagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalarni kuchaytirish taklif etildi.

Shuningdek, ulushli qurilish sohasida ham huquqbuzarliklar ko‘payib borayotgani ta’kidlandi. O‘tgan yili mazkur sohadagi qonunbuzilishlar oqibatida qariyb 3 ming nafar fuqaroga 668 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Fuqarolar mablag‘larini himoya qilish maqsadida ulushli qurilishni moliyalashtirishning yangi tizimi — eskrou hisobvaraqlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bunda xaridorlar mablag‘i maxsus bank hisobvarag‘ida saqlanadi va qurilish belgilangan shartlar bajarilganidan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.
Taqdimot yakunida mutasaddilarga shaharsozlik sohasida shaffoflikni ta’minlash, qurilish jarayonlarini raqamlashtirish, noqonuniy qurilishlarga qarshi choralarni kuchaytirish hamda fuqarolar huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
11:56 / 06.06.2026
Qurilishga ruxsat olishda bir nechta davlat xizmatlari birlashtiriladi
11:33 / 06.06.2026
O‘zbekistonda loyihalash va qurilishni parallel olib borish amaliyoti o‘zgaradi
22:34 / 05.06.2026
Qurilganiga 50 yildan oshgan uylarni qayta rejalashtirish taqiqlandi
10:04 / 03.06.2026