Jahon | 09:02
910
3 daqiqa o‘qiladi

Qochqinlar soni rekord darajada: BMT yangi hisobotni e’lon qildi

Foto: AFP

Butun dunyo bo‘ylab ta’qiblar, qurolli mojarolar, zo‘ravonlik va inson huquqlarining buzilishi oqibatida o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lganlar soni 118 million nafarga yetdi. Bu haqda BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (UNHCR) tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotda ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, 2026 yil boshida Yer yuzidagi har 70 nafar aholidan biri majburiy ko‘chkinchi maqomida bo‘lgan. Shu bilan birga, so‘nggi o‘n yillikda ilk bor majburiy ko‘chkinchilar soni qisqargani qayd etildi. Xususan, ularning umumiy soni 5,4 million nafarga yoki 4 foizga kamaygan.

BMT mutaxassislariga ko‘ra, bunday o‘zgarishga asosiy sabab — ko‘plab odamlarning o‘z mamlakatlaridagi vaziyat hanuz og‘ir bo‘lishiga qaramay, vatanlariga qaytishni boshlaganidir. Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Sudan va Suriya shunday davlatlar qatorida tilga olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, majburiy ko‘chkinchilarning 35,6 million nafari qochqin maqomiga ega bo‘lsa, 68,7 million nafari mamlakat ichida boshqa hududlarga ko‘chishga majbur bo‘lgan shaxslar hisoblanadi.

Shuningdek, boshpana so‘rab murojaat qilgan va qaror kutayotganlar soni ham o‘sishda davom etmoqda. 2026 yil boshiga kelib ularning soni qariyb 9 million nafarga yetgan bo‘lib, bir yil ichida 645 ming nafarga ko‘paygan.

Hisobotda 2026 yilning dastlabki oylarida yuz bergan ayrim voqealar, jumladan, AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari oqibatidagi migratsiya jarayonlari hisobga olinmagani ta’kidlangan. Shuningdek, tabiiy ofatlar, iqlim o‘zgarishi yoki iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli yashash joyini tark etgan shaxslar mazkur statistikaga kiritilmagan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, majburiy ko‘chkinchilarning qariyb 70 foizi besh yil yoki undan ortiq vaqt davomida qochqin maqomida yashamoqda. Tashkilot mutasaddilari bu holatni jiddiy muammo sifatida baholab, urush va ta’qiblardan qochayotgan insonlarga yangi imkoniyatlar va kelajakka ishonch berishga qaratilgan yondashuvlar zarurligini ta’kidlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid