Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
Qonun bilan renovatsiya asoslari, turlari, tashabbusi, kompensatsiya tartibi va shakllari belgilandi.
«Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.
Qonunga ko‘ra, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
- shaharsozlik renovatsiyasi hududida joylashgan turar va noturar joylarning eskirganligi, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib, avariya holatiga kelib qolganligi;
- hudud aholisining ijtimoiy hayotiga jiddiy ta’sir qiladigan holatlarning mavjudligi.
Shaharsozlik renovatsiyasi quyidagi turlardan iborat:
- mavjud obektni asosiy konstruksiyasini o‘zgartirmasdan rekonstruksiya qilish;
- mavjud obektni buzish va bo‘shagan yer uchastkasida buzilgan obekt toifasidagi yangi obektni qurish;
- yashil hududlarni va boshqa hududiy zonalarni tashkil etish.
Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha taklif quyidagi sub’yektlar tashabbusiga ko‘ra kiritilishi mumkin:
- davlat tashabbusiga ko‘ra;
- huquq egalarining tashabbusiga ko‘ra;
- uchinchi shaxslarning tashabbusiga ko‘ra.
Vazirlar Mahkamasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida shaharsozlik renovatsiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.
Qonunga ko‘ra, huquq egalari bilan ochiq muhokama renovatsiya loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilgan kundan e’tiboran 2 oy ichida o‘tkaziladi. Ochiq muhokamada obektlarni renovatsiya loyihasiga kiritish uchun har bir obekt egalarining kamida 4/5 qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish renovatsiyani amalga oshirishning majburiy shartlaridan biridir.
Mulk egasi renovatsiya loyihasini amalga oshirishda o‘z xohishiga ko‘ra kompensatsiya olishi yoki hissa qo‘shuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Kompensatsiya quyidagi shakllarga ega bo‘lgan ketma-ketlikda bo‘lishi mumkin:
- shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi obektni mulk qilib berish;
- boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi obektni mulk qilib berish;
- pul mablag‘lari;
- kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Mavzuga oid
10:45 / 10.06.2026
Ayrim shaharlarda harbiy xizmatchilar uchun ijara kompensatsiyasi oshiriladi
11:19 / 21.05.2026
Soxta imzo, haqiqiy qarz va domino effekti: fuqarolik huquqi nimani himoya qilishi kerak?
19:00 / 28.04.2026
«Aksiyadorlardan qarzdorlik yo‘q, kompensatsiya masalasida sudlashyapmiz» – Toshkent yog‘-moy kombinati AJ
20:40 / 21.04.2026