Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
JCh-26. Koreyslar kambek amalga oshirdi
Janubiy Koreya Chexiyaga qarshi o‘yinda to‘liq ustunlikka erishdi, lekin birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborib, iroda ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi.
JCh-2026. A guruhi. 2-tur
Janubiy Koreya – Chexiya 2:1
Gollar: Hvang In Bom (67), Oh Hyong Gyu (80) – Kreychi (59).
Janubiy Koreya: Kim Sang Gyu, Liz Hang Beom, Kim Min Je, Li Gi Hyuk, Seul Yun Vu, Hvang In Bom (Kim Jin Gyu, 84), Sin Ho Bek (Pak Jing Seob, 84), Li Tae Sok (Eom Ji Sung, 69), Li Kang In, Li Je Son (Hvann Hi Chang, 62), Son Heung Min (Oh Hyong Gyu, 69).
Chexiya: Kovar, Chalupek, Hranats, Kreychi, Tsoufal, Souchek, Soyka (Xitil, 85), Zeleni, Shuls (Glojyek, 64), Provod (Sadilek, 64), Shik (Xori, 64).
Ogohlantirish: Li Gi Hyuk (90+6).
JCh-2026 A guruhidagi ikkinchi o‘yin ham Meksika hududida o‘tkazildi. Birinchisida mezbonlar Mexikoda JAR ustidan g‘alaba qozongandi, Janubiy Koreya va Chexiyadan kelgan futbolchilar esa Sapopandagi «Akron» nomli o‘yingohda kuch sinashishdi.
O‘yinning dastlabki daqiqalarida ikki jamoa ham navbatma-navbat hujumga o‘tishdi. Keyin esa koreyalik futbolchilar tashabbusni to‘liq o‘z qo‘llariga olishdi. Dastlab jamoaning asosiy yulduzi Son Heung Min xavfli zarba berdi, ammo yevropaliklar bu zarbani qaytarishdi. Keyin esa Li Hang Bom standart vaziyat vaqtida bosh bilan yana bir xavfli zarba yo‘lladi, to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.
Li Kan Inning zarbasini ham Matey Kovarj qaytarib qoldi. Birinchi bo‘lim oxirlarida Sonda yana yaxshi vaziyatlar yuzaga keldi, ammo uning zarbalariga aniqlik yetishmadi. Osiyo vakillari birinchi bo‘lim davomida sakkiz bor zarba berishdi, ammo gol ura olishmadi.
Birinchi bo‘limdagi eng yodda qolarli vaziyat Pavel Shulsning futbolkasi yirtilib ketishi bo‘ldi. Bu holatda Li Hang Bom raqibni to‘xtatish uchun uning formasidan ushlab qolgandi. Bu epizod Chexiya milliy jamoasi uchun futbolkalarni tayyorlagan ishlab chiqaruvchining zarariga ishlagan tayin.

Birinchi bo‘limda chexlar pressing uyushtirish orqali raqibni o‘z hududiga o‘tkazmaslikka urindi, koreyslar esa oldindan o‘ylangan kombinatsiyalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanishdi.
Ikkinchi bo‘lim startida ham Kovarj o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi – u bu safar Hvang In Byomning zarbasini qaytardi, keyin esa Sonni golsiz qoldirdi. «Tottenhem»ning sobiq hujumchisi to‘pni darvozabon ustidan oshirib tashlashga uringandi, ammo Kovarj aldanmadi. O‘yin Chexiya darvozasi baribir ishg‘ol etilishiga qarab ketayotgandi, ammo hisob Yevropa vakillari tomonidan ochildi. Chexlarning darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarbasi golga aylandi. Vladimir Tsoufal qanotdan to‘pni jarima maydoniga oshirdi, to‘pga barchadan oldin yetib borgan Ladislav Kreychi bosh bilan aniq harakat qildi.
Koreyaliklar hisobni tenglashtirishi uchun sakkiz daqiqa yetarli bo‘ldi. Osiyoliklar raqibning chap qanotiga kuchli bosim uyushtirishdi va Hvang In Byom hujumni ajoyib gol bilan yakunladi. U bir harakat bilan himoyachi Robin Granachni va darvozabonni yo‘ldan oldi, keyin esa to‘pni darvozaning olis burchagiga joylashtirdi.
Chexlar yana bu o‘yindagi asosiy quroli – standart vaziyatdan foydalanishga harakat qildi va Tomash Souchek yana bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ammo hakam bu holatda ofsayd qayd etdi va golni bekor qildi. Koreyslar esa navbatdagi hujumda o‘zi haqli bo‘lgan g‘alaba golini urdi. Hvang In Byom bu safar zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan O Hyong Kyuni golli pas bilan ta’minladi. Kovarj yaqin masofadan yo‘llagan zarba qarshisida ojiz qoldi.
Biroz o‘tib chexlar hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo darvozabon Kim Sin Kyu Adam Glojyekning yaqin burchakka yo‘llagan ayyorona zarbasidan keyin rikoshet bo‘lib kelgan to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qolishga ulgurdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Mixal Sadilek ham qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Uning zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi, ammo darvozabon bu vaziyatda ham ishonchli harakat qildi.
Shu tariqa, A guruhida birinchi turdan keyin Meksika va Janubiy Koreya 3 tadan ochko jamg‘argan holda, guruhda peshqadamlik qilmoqda. 2-turda aynan shu ikki jamoa to‘qnashadi, Chexiya esa JAR bilan o‘yinda ochko olishga harakat qilib ko‘radi.

Mavzuga oid
08:25
JCh-26. Ochilish o‘yinida uchta qizil ko‘rsatildi
20:49 / 11.06.2026
Messining vorisi, ulkan xorvat va «Real» tarbiyalanuvchisi. JChda kimlar kashfiyot bo‘lishi mumkin?
18:03 / 11.06.2026
Messi va Ronalduda 6-mundial, Mbappe Klozedan o‘tishi mumkin. JCh-2026 intrigalari
14:37 / 11.06.2026