Iqtisodiyot | 08:50
1035
4 daqiqa o‘qiladi

SpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi

Amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli bo‘lgan SpaceX kompaniyasi tarixiy moliyaviy natijaga erishdi. Kompaniya o‘zining ilk ommaviy aksiyalar joylashtirish jarayoni (IPO) doirasida 555,6 million dona aksiyani har biri 135 dollardan sotib, jami 75 milliard dollar mablag‘ jalb qildi. Bu ko‘rsatkich IPO tarixidagi eng yirik natija sifatida qayd etilmoqda.

Foto: SpaceX

12 iyun kuni kompaniya aksiyalari Nasdaq birjasida rasman savdoga chiqariladi. Investorlar tomonidan berilgan baholashga ko‘ra, SpaceXʼning bozor qiymati dastlabki bosqichda 1,77 trillion dollarga teng bo‘ladi.

Bu natija Ilon Maskni dunyodagi birinchi «trillioner»ga aylantirishi mumkin. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, SpaceX va Tesla kompaniyalaridagi ulushlarining bozor qiymati asosida uning umumiy boyligi 1 trillion dollarlik marradan oshib ketadi. Albatta, bu mablag‘ asosan aksiyalar qiymatiga bog‘liq bo‘lib, «qog‘ozdagi boylik» hisoblanadi.

Taqqoslash uchun, avvalgi eng yirik IPO 2019 yilda Saudiya Arabistonining Saudi Aramco neft kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, u vaqtda kompaniya qariyb 29 milliard dollar jalb qilgan edi.

Investorlarga keng imkoniyat

NBC News ma’lumotlariga ko‘ra, SpaceX aksiyalarning qariyb 30 foizini oddiy investorlarga taklif qilishni rejalashtirgan. Bu AQSh fond bozoridagi an’anaviy 10 foizlik ulushdan ancha yuqori hisoblanadi.

Kompaniyaning 2026 yil may oyida taqdim etgan IPO hujjatlarida uzoq muddatli strategiyasi ham ochib berilgan. Unda Oyni o‘zlashtirish va Marsni koloniyalashtirish asosiy maqsadlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, asteroidlardan foydali qazilmalar qazib olish, Oyda energiya ishlab chiqarish va Yer orbitasida sanoat ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish kabi loyihalar ham tilga olingan.

Katta daromadlarga qaramay milliardlab zarar

SpaceX hozircha yuqori daromad bilan birga katta xarajatlarni ham boshdan kechirmoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra kompaniya 18,67 milliard dollar tushum olgan bo‘lsa-da, sof zarari 4,94 milliard dollarga yetgan.

2026 yilning birinchi choragida ham vaziyat shunga o‘xshash bo‘lgan: kompaniya taxminan 4,7 milliard dollar daromad qilgan, ammo 4,28 milliard dollar zarar qayd etgan.

Buning asosiy sabablaridan biri — Starship superog‘ir raketa dasturiga yo‘naltirilayotgan ulkan investitsiyalardir. Hozirgacha mazkur loyihaga 15 milliard dollardan ziyod mablag‘ sarflangan.

Starship kelajakni o‘zgartirishi mumkin

SpaceX rahbariyatining ta’kidlashicha, barcha sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, Starship raketa tizimi yilning ikkinchi yarmida tijoriy parvozlarni boshlashi mumkin.

Mutaxassislar fikricha, ushbu raketa kosmosga odamlar va yuklarni yetkazish xarajatlarini keskin arzonlashtiradi. Shuningdek, Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini orbitaga chiqarishda ham asosiy vositaga aylanadi.

Kompaniya kelajakda sun’iy yo‘ldosh internetini bevosita smartfonlarga yetkazish texnologiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Starlink — SpaceXʼning asosiy daromad manbai

IPOʻdan keyin ham Ilon Mask kompaniya ustidan to‘liq nazoratni saqlab qoladi. Uning qo‘lida aksiyalarning 80 foizdan ortig‘i qoladi.

Hozirgi kunda SpaceXʼning eng katta daromad manbai Starlink hisoblanadi. 2026 yilning birinchi choragida ushbu xizmat 3,26 milliard dollar tushum keltirgan. Starlink xizmatidan dunyoning 164 ta mamlakatida 10,3 milliondan ortiq mijoz foydalanmoqda.

SpaceXʼning birjaga chiqishi nafaqat kosmik industriya, balki global moliya bozorlari uchun ham muhim voqea sifatida baholanmoqda. Kompaniyaning kelajakdagi muvaffaqiyati Starship dasturi va Marsni o‘zlashtirish bo‘yicha rejalarning qay darajada amalga oshishiga bog‘liq bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid