Texnologiya | 08:30
1202
3 daqiqa o‘qiladi

SSSRdan SpaceX'gacha: 68 yillik kosmik poyga qanday o‘zgardi?

Kosmik uchirishlar sohasidagi raqobat so‘nggi yillarda keskin tezlashdi. Agar ilgari asosiy raqobat SSSR va AQSh o‘rtasida kechgan bo‘lsa, bugungi kunda kosmos uchun kurashga Xitoy va xususiy kompaniyalar ham qo‘shildi. 2025 yilda AQSh 181 ta kosmik uchirishni amalga oshirib, Xitoy va Rossiyani katta farq bilan ortda qoldirdi.

Foto: REUTERS

Kosmik davrning boshlanishi

Zamonaviy kosmik poyga 1957 yilda Sovet Ittifoqi tomonidan dunyodagi birinchi sun’iy yo‘ldosh — «Sputnik-1»ning uchirilishi bilan boshlangan. Bu voqea insoniyatning kosmosni o‘zlashtirish tarixida yangi bosqichni ochib berdi.

Keyingi o‘n yilliklar davomida SSSR kosmik uchirishlar soni bo‘yicha dunyoda yetakchilik qildi. Masalan, 1969 yilda AQSh «Apollon-11» missiyasi orqali insonni Oyga qo‘ndirgan bo‘lsa-da, o‘sha yilning o‘zida SSSR 82 ta kosmik uchirishni amalga oshirgan. AQShda esa bu ko‘rsatkich 41 tani tashkil etgan.

Sovet Ittifoqining eng yuqori natijasi 1982 yilda qayd etildi. O‘sha yili SSSR 108 ta raketa uchirgan bo‘lsa, AQSh faqat 18 ta uchirishni amalga oshirgan.



SSSR parchalanganidan keyingi davr

1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalangach, Rossiyaning kosmik dasturlari jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi. Natijada kosmik uchirishlar soni keskin kamaydi.

Shu bilan bir vaqtda AQSh mavqeini mustahkamlay boshladi. Yangi asr boshlarida yana bir muhim ishtirokchi — Xitoy kosmik poygaga faol qo‘shildi. Agar 2000 yilda Xitoy yil davomida atigi 5 ta uchirishni amalga oshirgan bo‘lsa, 2010 yilga kelib bu raqam 15 taga yetdi.

SpaceX kosmik sohani o‘zgartirdi

Mutaxassislar fikricha, kosmik sohadagi yangi davr taxminan 2016 yildan boshlangan. Bu jarayonda asosiy rolni qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketalar va xususiy kosmik kompaniyalar o‘ynadi.

Ayniqsa, Ilon Mask asos solgan SpaceX kompaniyasi sohada inqilob qildi. Kompaniyaning qayta qo‘na oladigan raketa texnologiyasi kosmosga yuk yetkazish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirdi.

Natijada kosmik iqtisodiyot hajmi qariyb 600 milliard dollarga yetdi.

AQSh boshqalardan uzoqlashmoqda

So‘nggi yillarda AQShning ustunligi yanada kuchaydi. 2022 yilda AQSh 78 ta, Xitoy esa 64 ta kosmik uchirishni amalga oshirgan.

2025 yilga kelib farq yanada oshdi. AQSh rekord darajada — 181 ta uchirishni amalga oshirdi. Xitoy 93 ta uchirish bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Rossiya esa atigi 17 ta uchirishni qayd etdi.

Nega bu muhim?

Bugungi kosmik uchirishlar faqat ilmiy tadqiqotlar uchun emas. Kosmosdagi ustunlik mamlakatlarga sun’iy yo‘ldosh interneti, harbiy aloqa tizimlari, GPS navigatsiyasi va Yerni kuzatish texnologiyalari ustidan nazorat imkonini beradi.

Bundan tashqari, kosmik texnologiyalar aerokosmik sanoat, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish va telekommunikatsiya sohalari rivojiga ham katta iqtisodiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu sababli, kosmik poyga endi faqat davlatlar o‘rtasidagi siyosiy raqobat emas, balki iqtisodiy va texnologik yetakchilik uchun kurashga aylanib ulgurdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid