Jamiyat | 18:03
5186
5 daqiqa o‘qiladi

“Qutqaruvchilar kelganida hali ular tirik edi” - Marhamatdagi hodisa tafsilotlari

10 iyun kuni Andijon viloyati Marhamat tuman tibbiyot birlashmasining to‘rt nafar texnik xodimi kanalizatsiya bunkerida vafot etdi. Kun.uz muxbiri shifoxona xodimlari va mansabdorlari hamda qurbonlarning yaqinlari bilan suhbatlashib, voqea tafsilotlarini surishtirdi.

Avvaliga Marhamat tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib, voqea joyini ko‘zdan kechirdik. Chiqindi suvlari to‘planadigan bunkerning og‘zi kesib tashlangan, atrofini maxsus to‘siqlar bilan o‘rashayotgan ekan.

Baxtsiz hodisada vafot etgan Lochin Qosimov, Bobur Matholiqov, Qobiljon Mamajonov va Ikrom Nishonovlar

Muassasa rahbari o‘rinbosarlari tasvirga olayotganimizni ko‘rib nima sababdan kelganimizni so‘rashdi-yu, holat yuzasidan izoh so‘raganimizda ketib qolishdi. Birozdan keyin tuman hokimining birinchi o‘rinbosari ham voqea joyiga yetib keldi. U ham izoh berishni xohlamadi.

Muassasa xodimlarining aytishicha, bunkerga eng avval santexnik Ikrom Nishonov tushgan, u zaharlangandan so‘ng yordam bermoqchi bo‘lib bog‘bon Lochin Qosimov, kanalizatsiya tozalovchi mashina haydovchisi Qobiljon Mamajonov va elektrik Bobur Matxoliqov tushishgan.

Guvohlar favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hodisa joyiga dastlab asbob-uskunalarsiz kelishgani, shu sabab hali joni uzilmagan, ichkaridan yordam so‘rab baqirayotgan xodimlarga yordam bera olishmaganini aytmoqda.

Voqea guvohi bo‘lgan hamshira Zarnigor Rahimova

“FVB xodimlari kelishgan paytda bunker ichiga tushgan 4 xodimning kamida 2 nafari tirik edi. Yordam beringlar deb baqirganlarini aniq eshitdik. O‘sha paytda FVB xodimlarining qo‘lida biror bir moslama yo‘q edi.

Ular “qo‘limizda maxsus uskuna yo‘q, keyin bizga rahbarimiz ruxsat bersagina ishga kirishamiz”, deb turishdi. Atrofda shuncha odam to‘planib, to ularning joni uzilguncha qo‘llaridan hech narsa kelmay turaverishdi. Eng dahshati shu edi.

Xodimlar avvaldan bunkerga tushib kelishgan. Arzimagan oylikka ishlab kelayotgan bechora xodimlarni zaharli gaz to‘planib turgan bunkerga tushishga majbur qilishdi. Endi esa javobgarlikni hech kim bo‘yniga olmayapti”, deydi hamshiralardan biri.

Turmush o‘rtog‘imni bunkerga ko‘p tushirishgan...”

Tibbiyot muassasasida bog‘bon bo‘lib ishlagan marhum Lochin Qosimovning turmush o‘rtog‘i Muqaddas Hasanovaning aytishicha, eri baxtsiz hodisa sodir bo‘lishidan avval ham ko‘p marta bunkerga tushib kelgan.

“Qaynotamning o‘lganiga 5 oy ham bo‘lgani yo‘q, ularning hali tuprog‘i sovumasdan turmush o‘rtog‘im vafot etdi. U yagona boquvchimiz edi. 3 nafar bolam yetim qoldi. Ularga nima deb javob beraman? 1 mln so‘m oylik oladigan oddiy bog‘bonni ham zaharli joyga tushirishadimi noinsoflar?!

Turmush o‘rtog‘imni avvallari ham ko‘p marta o‘sha bunkerga tushirib kelishgan. Bu haqda menga aytib berardi. Bu ishga majbur qilganlar javob berishsin. Aybdorlarga qat’iy jazo berilsin”, deydi u.

Muqaddas Hasanova, marhum Lochin Qosimovning turmush o‘rtog‘i

 

Baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgan Qobiljon Mamajonov va Ikrom Nishonovlarning ham xonadonida bo‘lib, oila a’zolari bilan suhbatlashdik. Ular ham haqiqat yuzaga chiqishi kerakligi, tushish mumkin bo‘lmagan zaharli bunkerni tozalash majburiyatini yuklaganlarga javobgarlik qo‘llanishi zarurligini ta’kidlashdi.

Qobiljon Mamajonov haydagan kanalizatsiya tozalovchi mashina

Biz bilan suhbatlashgan Marhamat tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori To‘xtaqul Alamatov, muassasa muhandisi O‘ktam Saidahmedov, bosh elektrik Odiljon Mamajonovlar kanalizatsiya bunkerini tozalash bo‘yicha topshiriq bermaganliklarini aytishdi.

To‘xtaqul Alamatov, Marhamat tumani tibbiyot birlashmasi bosh shifokori

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, tibbiyot muassasasi xodimlarining o‘limiga vodorod sulfiddan o‘tkir zaharlanish va yuqori nafas yo‘llarining suyuqlik bilan berkilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.

Holat bo‘yicha mehnat muhofazasi qoidalarini buzish moddasi bilan jinoyat ishi ochilgan. Marhamat tumani prokuraturasi tergov-surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid