O‘zbekiston | 14:06
805
3 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida harorat pasayishi va yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

Bu hafta O‘zbekiston bo‘ylab yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. 15–16 iyun kunlari kunduzi harorat +35…+38 daraja atrofida bo‘ladi, 17–19 iyun kunlari esa 3–4 darajaga pasayadi.

Foto: Kun.uz

Dushanba kunduzi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy viloyatida, kunning ikkinchi yarmida Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va kechga tomon Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi, deya xabar berdi O‘zgidromet.

16–17 iyun kunlari O‘zbekiston bo‘yicha beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublikaning aksariyat viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.

18–19 iyun kunlari faqat markaziy va sharqiy viloyatlarda ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, O‘zbekistonning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Dushanba va seshanba kunlari kunduzgi harorat +35…+38 daraja, cho‘l hududlarda +39…+41 daraja, eng chekka janubda +41…+43 daraja bo‘ladi. 17–19 iyun kunlari havo harorati 3–4 darajaga pasayadi.

Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi, ayrim joylarda chang to‘zonlar bilan kuzatiladi. 15–17 iyunda shimolda va cho‘l hududlarda ba’zida 20–22 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida 15–16 iyun kunlari kechga tomon qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kunduzi +36…+38 daraja bo‘ladi. 17 iyundan 19 iyungacha kunning ikkinchi yarmida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Harorat asosan +31…+34 daraja bo‘ladi.

Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 12–14 metr/soniyagacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid