Iqtisodiyot | 16:11
1279
14 daqiqa o‘qiladi

Soliq organlarining P2P monitoringi qanchalik qonuniy?

Yaqinda fuqarolarning shaxsiy bank kartalari bo‘yicha operatsiyalari soliq organlari tomonidan tahlil qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Soliq qo‘mitasi bu o‘rganishlar yuridik shaxslarning rahbar xodimlariga tegishli bank kartalariga taalluqli ekanini bildirdi. Advokat, soliq maslahatchisi Nodirbek Xudoyqulov Kun.uz uchun yozgan maqolasida bu tartibning huquqiy asoslari nega bo‘shligi haqida so‘z yuritadi.

Foto: Getty Images

Soliq qo‘mitasining harakatlari bir muhim savolni o‘rtaga tashlaydi: ushbu ma’lumotlar banklardan soliq organlariga qanday tartibda va qanday huquqiy asos bilan taqdim etilmoqda?

“Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar soliq organlariga bank mijoziga soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonunchilikka muvofiq taqdim etiladi.

Kalit ibora — “qonunchilikka muvofiq”. Qaysi qonunchilik? Qaysi normativ-huquqiy hujjatga muvofiq? Qaysi tartib bo‘yicha?

Aynan shu savolni huquqiy nuqtayi nazardan tahlil qilish — mazkur maqolaning mavzusidir.

Qabul qilinmagan tartib

Soliq kodeksining 134-moddasi 5-qismida: “Soliq organi tomonidan bankka so‘rov yuborish shakli va tartibi hamda banklar tomonidan soliq organlarining so‘rovlariga ko‘ra axborot taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi” deb yozilgan.

Bu – qonun chiqaruvchi o‘zi belgilab qo‘ygan qoidadir. E’tibor bering, qonun chiqaruvchi (Oliy Majlis) bu masalada ikkita muhim qoidani o‘rnatgan:

Birinchisi: banklar tomonidan soliq organlariga ma’lumot taqdim etiladi (134-moddaning umumiy majburiyati).

Ikkinchisi: bu qanday amalga oshirilishi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi (134-moddaning 5-qismi).

Demak, qonun chiqaruvchi o‘zi bu masalaning muhimligini tan olgan va uni shunchaki texnik masala emas, balki alohida rasmiy tartibni talab qiladigan masala deb baholagan. Shu bois, u aniq tartibni o‘zi yozmasdan, ijro hokimiyati – Vazirlar Mahkamasiga topshirgan.

Biroq Vazirlar Mahkamasining bunday qarori hozirgi vaqtgacha qabul qilinmagan.

Holat quyidagicha shakllanadi: qonunda majburiyat bor, tartib ishlab chiqilishi shart deb yozilgan, lekin tartibning o‘zi yo‘q. Bunday sharoitda bank tomonidan fuqaroning bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlari soliq organiga taqdim etilishi qanchalik qonuniy?

Javob berishdan oldin bu tartib qanday qabul qilinishi kerak bo‘lganini va mavjud holatning huquqiy poydevorini ko‘rib chiqamiz.

Bunday tartib qanday qabul qilinishi kerak edi?

Alohida ta’kidlash zarur: Soliq kodeksining 134-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori – oddiy idoraviy buyruq emas. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni bunday hujjatni qabul qilishning jarayonini belgilab qo‘ygan.

Ushbu jarayon quyidagi majburiy bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

1-bosqich — qaror loyihasini ishlab chiqish.

2-bosqich — loyihaning omma muhokamasiga qo‘yilishi. Qonunga ko‘ra, fuqaro huquqlariga daxldor loyihalar omma muhokamasiga majburiy ravishda qo‘yilishi kerak. Bank siri va shaxsga doir ma’lumotlarga tegishli loyiha aynan shunday toifaga kiradi.

3-bosqich — fuqarolar, nodavlat tijorat va notijorat tashkilotlari, ekspertlar, manfaatdor taraflar tomonidan e’tirozlar va takliflar taqdim etilishi.

4-bosqich — qabul qilingan e’tirozlarning ko‘rib chiqilishi va har biriga asosli munosabat bildirilishi (qabul qilish yoki asosli inkor etish).

5-bosqich — Adliya vazirligi va boshqa vakolatli organlar tomonidan huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi;

6-bosqich — tartibga solish ta’sirini baholash: loyihaning tadbirkorlikka, iqtisodiyotga, fuqaro huquqlariga ta’sirini hisoblab chiqish;

7-bosqich — loyihaning manfaatdor davlat organlari bilan majburiy tartibda kelishilishi.

8-bosqich — vakolatli organ tomonidan qabul qilinishi, rasmiy e’lon qilinishi va qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi.

Ushbu barcha bosqichlardan o‘tgan va qonuniy kuchga kirgan hujjat huquqiy tartib sifatida tan olinadi va amalda qo‘llanishi mumkin.

Hozirgi vaziyatda fuqaro huquqlariga jiddiy daxldor bo‘lgan ushbu masala bo‘yicha qaror loyihasi omma muhokamasiga qo‘yilmagan, e’tirozlar yig‘ilmagan, ko‘rib chiqilmagan, ekspertizalardan o‘tkazilmagan va qabul qilinmagan.

Huquqiy poydevor: klassik prinsiplar nima deydi?

Endi, huquqshunoslik nuqtayi nazaridan. Yuqorida keltirilgan holat, ya’ni davlat organining moddiy vakolati mavjud, lekin protsessual tartibi belgilanmagan – bu Rim huquqidan buyon mavjud bo‘lgan va zamonaviy huquqda to‘liq amal qiladigan klassik prinsiplar bilan tavsiflanadi.

Davlat organining vakolati ikki normativ asos bilan birgalikda amal qiladi: moddiy norma (vakolatning o‘zini belgilovchi qoida) va protsessual norma (vakolatni amalga oshirish tartibini belgilovchi qoida).

Bu ikki element bir-biridan ajratib bo‘lmaydigan birlikni tashkil qiladi.

Lex imperfecta — tugallanmagan qonun. Bajariladigan harakatni belgilaydigan, lekin uni qanday amalga oshirish mexanizmini belgilamagan qonun. Bunday qonun yuridik jihatdan amal qiladi, lekin amalda mustaqil qo‘llanishi uchun mexanizm shart.

Lex dubia non obligat — shubhali qonun majbur qilmaydi. Bajarish tartibi noma’lum bo‘lgan majburiyat ijro etilishi mumkin emas. Sub’yekt majburiyatning chegaralarini bilmasa, to‘liq ijro qilishning o‘zi mumkin emas.

In dubio contra fiscum — shubhalar fuqaro foydasiga. Ushbu prinsip O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 13-moddasida bevosita mustahkamlangan: “Qonunchilik hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin qilinadi”.

Yuqorida keltirilgan prinsiplar biz ko‘rib chiqayotgan masalaga qay tarzda tatbiq qilinadi?

Soliq kodeksining 134-moddasi bank va soliq organi orasidagi ma’lumot almashuvi majburiyatini belgilaydi – bu moddiy norma. Biroq ushbu majburiyatning qanday amalga oshirilishi Vazirlar Mahkamasi qaroriga havola qilingan. Havola qilingan qaror qabul qilinmagan ekan, moddiy norma o‘zining protsessual ifodasini topa olmaydi. Bu – lex imperfecta holatidir.

Bunday holatda quyidagicha huquqiy xulosalarga kelish mumkin:

  • Lex dubia non obligat prinsipiga ko‘ra, shubhali tartib to‘liq majburiyat yuklay olmaydi.

  • In dubio contra fiscum prinsipiga ko‘ra, barcha noaniqliklar fuqaro foydasiga hal qilinadi.

  • Procedural ultra vires doktrinasiga ko‘ra, qonun belgilagan tartib bo‘lmagan holda amalga oshirilgan harakat huquqiy kuchga ega emas.

Bu yerda yana bir muhim jihatni ta’kidlash kerak. Soliq kodeksining 134-moddasi fuqaroning bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlariga tegishli. Ya’ni plastik karta operatsiyalari, to‘lovlar, qoldiqlar, kontragentlar shular jumlasidan. Bu ma’lumotlar orqali fuqaroning shaxsiy hayoti, iqtisodiy faoliyati, hatto sog‘lig‘ining holati haqida xulosa chiqarish mumkin. Shu bois ushbu ma’lumotlarni uzatish – oddiy ma’muriy harakat emas, balki konstitutsiyaviy huquqlarga – shaxsiy hayot daxlsizligiga, yozishmalar siriga tegishli amallardir. Bunday ahamiyatli sohada protsessual aniqlik – talab emas, balki shartdir.

Xulosa

Banklar tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarni taqdim etish tartibi qabul qilinmagani sababli, banklar tomonidan fuqarolarning ushbu ma’lumotlari soliq organlariga taqdim etilmasligi lozim deb hisoblaymiz.

Sababi Soliq kodeksining 134-moddasi 5-qismi Vazirlar Mahkamasi qaroriga havola qilgan, ammo bu qaror hozirgi kungacha qabul qilinmagan. Demak, moddiy norma o‘zining protsessual ifodasini topa olmagan.

Shu bois, ushbu tartib qonun belgilagan yo‘l bilan, ya’ni ma’lumotlarni ochiqlash tartibi to‘g‘risidagi loyiha ishlab chiqilib, omma muhokamasiga qo‘yilib, e’tirozlar ko‘rib chiqilib, huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertiza o‘tkazilib, ijtimoiy munosabatlarga ta’siri o‘rganilib, rasmiy e’lon qilinib, amaliyotga joriy qilingunga qadar, banklar o‘z mijozlarining shaxsiy hayotiga haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish bo‘yicha harakatdan tiyilishi lozim.

Tartib qanday talablarni qamrab olishi kerak edi?

Qonunchilikdagi “oq dog‘lar”ni aniqlash masalaning bir tarafi bo‘lsa, ushbu “oq dog‘lar”ni bartaraf etish uning ikkinchi tarafidir. Bizning fikrimizcha, banklar va soliq organlari o‘rtasida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar almashuvini tartibga soluvchi Vazirlar Mahkamasi qarori quyidagi asosiy jihatlarni qamrab olishi lozim. Ularning har biri – texnik tafsilot emas, balki “Bank siri to‘g‘risida”gi va “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning o‘zi talab qiladigan huquqiy majburiy shartdir.

1. Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar tarkibi va ularning alohida toifalari. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar sanab o‘tilgan: mijoz operatsiyalari, hisobvaraqlari, omonatlari; bank xizmatlari ko‘rsatish munosabati bilan olingan ma’lumotlar; seyf va binolarda saqlangan mol-mulk haqidagi ma’lumotlar; banklararo operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlar. Tartibda ushbu toifalardan qaysi birlari va qanday hajmda so‘rov obekti bo‘la olishi aniq belgilanishi kerak.

2. Ma’lumot uzatish kanali va uning himoyasi. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasi bank sirini muhofaza qilish majburiyatini belgilaydi. Lekin muhofazaning texnik standartlari belgilanmagan. Tartibda: maxsus himoyalangan portal yoki davlat xizmatlari yagona platformasi orqali uzatish, shifrlash standartlari, sertifikatlash talablari, ma’lumotlarning ham uzatilayotganda, ham saqlanganda himoyalanishi ko‘rsatilishi kerak.

3. Ma’lumot uzatish va qabul qilishga vakolatli shaxslar. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi oshkor qilishni taqiqlaydi va buning majburiyatini aniq shaxslarga yuklaydi. Tartibda: bank tomonidan va soliq organi tomonidan vakolatli shaxslarning ro‘yxati, ularning elektron raqamli imzo orqali identifikatsiyalanishi, shaxsiy javobgarlik chegaralari belgilanishi kerak.

4. So‘rovning majburiy rekvizitlari. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasida soliq organlari ma’lumotlarni “soliq solish masalalariga taalluqli hollarda” so‘rashi mumkinligi aytilgan. Biroq “taalluqlilik” qanday tasdiqlanishi belgilanmagan. Tartibda so‘rovning majburiy rekvizitlari aniq ko‘rsatilishi kerak: soliq nazorati shakli, uning raqami, sanasi, mijozning qaysi soliq masalasiga daxldorligi, ma’lumot so‘rashning asosi, va vakolatni tasdiqlovchi xujjatlar.

5. Ma’lumot hajmining mutanosibligi. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasi taqdim etish chegarasini belgilaydi, lekin chegaraning o‘zi aniq ko‘rsatilmagan. Tartibda: qancha davr uchun va qanday hajmda ma’lumot so‘ralishi, mutanosiblik chegarasi, maqsadga muvofiqlik prinsipining qo‘llanishi aniqlashtirilishi kerak. Bu – Konstitutsiya darajasidagi ahamiyatli masala, chunki bank siriga doir ma’lumotlar, bu fuqaroning hayoti haqidagi ma’lumotlardir. Shaxsiy hayotga taalluqli ma’lumotlardan foydalanish esa shaxsiy hayotga aralashuv demakdir.

6. Javob shakli. Javob qanday formatda (shifrlangan, arxiv) taqdim etiladi? Ma’lumotlarning yaxlitligi qanday ta’minlanadi? Uzatilgan ma’lumotlarning o‘zgartirilmagani qanday kafolatlanadi?

7. So‘rovni rad etish holatlari. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi bankning taqdim etishni rad qilish huquqini tan oladi. Tartibda: bank rad etish huquqiga ega bo‘lgan aniq holatlar, rad etish jarayoni, rad etilgan so‘rovning keyingi harakatlari belgilanishi kerak.

8. So‘rovlar hisobi va izi. Har bir so‘rov va javobning qaysi tizimda qanday qayd etilishi, saqlanish muddati, mustaqil audit o‘tkazish imkoniyati, mijozning o‘z ma’lumotlariga oid so‘rovlar jurnali (reyestr)ga kirish huquqi belgilanishi kerak. Bu – bank sirini amalda muhofaza qilishning asosiy vositasidir.

9. Ma’lumotdan foydalanish chegarasi. Soliq organi olgan ma’lumotdan foydalanish maqsadlarining chegarasi, boshqa organlarga o‘tkazish bo‘yicha cheklov, saqlash muddati, kafolatli yo‘q qilish tartibi.

10. Fuqaroning xabardor bo‘lish huquqi. Fuqaroning o‘ziga oid so‘rovlar haqida qanday yo‘l bilan bilib olish huquqi, shaxsiy kabinet orqali ma’lumot olish imkoniyati, so‘rovlar jurnaliga kirishning tartibi belgilanishi kerak.

11. Shikoyat va huquqiy himoya yo‘li. “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasi nizolarni hal qilishni umumiy tarzda qayd etadi. Tartibda: noqonuniy so‘rovga qarshi shikoyat qilish yo‘li, shikoyatni ko‘rib chiquvchi organ, muddatlar, zararni tiklash tartibi, sud tartibidagi himoya imkoniyati aniqlashtirilishi kerak.

Yuqoridagi o‘n bitta jihat – bank sirini himoya qilishning huquqiy poydevorlaridir. Ularsiz amalga oshirilayotgan ma’lumot almashuvi – texnik jihatdan mumkin bo‘lsa-da, huquqiy jihatdan mukammal asosga ega emas.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid