Texnologiya | 18:14
903
2 daqiqa o‘qiladi

Apple smartfonlari qimmatlaydi - Tim Kuk buning sababini tushuntirdi

Apple jahonda davom etayotgan xotira chiplari tanqisligi fonida iPhone, iPad va Mac narxini oshirishi mumkin.

Foto: REUTERS

Bu haqda kompaniya bosh direktori Tim Kuk The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida aytib, narxlar o‘sishini yanada jilovlash imkonsiz bo‘lib qolganini ta’kidladi.

Kukning so‘zlariga ko‘ra, Apple butlovchi qismlarning keskin qimmatlashini iloji boricha qoplashga va qo‘shimcha xarajatlarni xaridorlarga yuklamaslikka harakat qilgan, biroq vaziyatni nazorat qilish juda qiyin bo‘lib qolgan.

«Ta’minotchilar tomonidan bizga yuklanayotgan katta narx oshishini yumshatish uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz va mijozlarimizni bu o‘zgarishlardan himoya etishga harakat qildik, ammo vaziyat beqaror bo‘lib qoldi», dedi u.

Kompaniya rahbari narxlar qachon oshishi va bu qaysi qurilmalarga ta’sir qilishini aytmadi.

Shu bilan birga, Apple allaqachon o‘z kompyuterlari assortimentini o‘zgartira boshlagan: mart oyida kompaniya 512 GB operativ xotiraga ega Mac Studio sotuvini to‘xtatdi va keyinchalik 599 dollarlik arzonroq versiyadan voz kechganidan so‘ng, Mac Mini boshlang‘ich narxini 799 dollarga ko‘tardi.

The Wall Street Journal ta’kidlaganidek, inqirozning asosiy sababi sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqayotgan kompaniyalar tomonidan xotira chiplariga bo‘lgan talabning tez sur’atlar bilan o‘sishi edi. Ishlab chiqaruvchilar buyurtmalarga ulgurmayapti, shu sababli operativ xotira ham, to‘plagichlar ham, ulardan keyin o‘yin konsollari, noutbuklar va boshqa elektronika ham qimmatlamoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid