Jahon | 22:16 / 18.06.2026
919
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh vitse-prezidenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi ochilganini e’lon qildi

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vensning aytishicha, AQSh harbiy-dengiz floti Eron portlariga o‘ndan ortiq kemalarni kiritgan va shu tariqa urushni tugatish bo‘yicha kelishuvlarni bajarish doirasida blokadani amalda bekor qilgan. Bu haqda u Oq uyda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Foto: AP/Jacquelyn Martin

Associated Press nashrining yozishicha, Vensning so‘zlariga ko‘ra, endi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali ko‘proq neft o‘tmoqda va 17 iyun kuni kechqurun bu bo‘g‘oz orqali 12,5 million barreldan ortiq neft o‘tgan. Vitse-prezident buni AQSh tomonidan kelishuvning harbiy qismini bajarish deb atadi va kelishuv Eronga haddan tashqari xayrixoh ekanligi haqidagi tanqidni rad etdi.

Vens, shuningdek, Isroildagi kelishuv tanqidchilarini keskin qoralab, ularni «mintaqada qolgan yagona kuchli ittifoqchiga hujum qilmaslikka» chaqirdi. U Isroil hukumati vakillarini tanqid qilib, Donald Tramp hozirda Isroilga xayrixoh bo‘lgan yagona jahon yetakchisi ekanini aytdi. Vitse-prezidentning qo‘shimcha qilishicha, u Eron kelishuvi bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Shveytsariyaga borishni rejalashtirmoqda, biroq bu qachon sodir bo‘lishini hali bilmaydi. Ilgari u Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini kamaytirish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tankerlar qatnovini tiklashni nazarda tutuvchi kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarga rahbarlik qilishi kutilgan edi.

Kelishuv harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishni nazarda tutadi va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha yakuniy kelishuvni ishlab chiqish uchun 60 kunlik muzokaralar davrini boshlaydi, garchi Tramp zarbalarni qayta boshlash imkoniyatini o‘zida saqlab qolgan bo‘lsa-da. Bitim shartlariga ko‘ra, Amerika-Isroil koalitsiyasi zarbalaridan so‘ng vayronalar ostida qolib ketgan deb hisoblangan Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasi kamida xalqaro nazorat ostida suyultirilishi kerak, Eron esa yadro qurolini sotib olmaslik va ishlab chiqmaslik majburiyatini oldi - bu majburiyatni mamlakat avval ham olgan edi.

AQSh prezidenti va vitse-prezident o‘tgan hafta Eron rasmiylari bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan, rasmiy imzolash marosimi esa Shveytsariyada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid