Jahon | 08:37
706
3 daqiqa o‘qiladi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar olib tashlandi, muzokaralar boshlandi

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) prezident Donald Tramp qaroriga muvofiq Ho‘rmuz bo‘g‘ozida joriy etilgan blokada bekor qilinganini ma’lum qildi. Shu tariqa Eron portlariga ketayotgan yoki u yerdan qaytayotgan kemalar harakatiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi.

Foto: REUTERS

CENTCOM bayonotiga ko‘ra, Amerika harbiy-dengiz kuchlari endi Eron portlari bilan bog‘liq dengiz qatnoviga to‘sqinlik qilmaydi. Shu bilan birga, mintaqadagi AQSh harbiy kemalari kelishuv shartlarining bajarilishini nazorat qilish maqsadida o‘z faoliyatini davom ettiradi.

AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Devid Vensning ma’lum qilishicha, oxirgi bir sutka davomida Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali jami 12,5 million barrel neft tashilgan. Bu ko‘rsatkich AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari boshlanganidan beri eng yuqori daraja hisoblanadi.

Vensning ta’kidlashicha, Eron tomoni ketma-ket ikkinchi kecha dengizdagi birorta kemaga hujum qilmagan. Bu esa mintaqadagi vaziyat barqarorlashayotganidan darak berishi mumkin.

Shuningdek, u Vashington va Tehron o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi masofadan turib imzolanganini va shu kundan boshlab 60 kunlik muzokaralar davri boshlanganini ma’lum qildi. Ushbu muddat ichida tomonlar keng qamrovli tinchlik kelishuvining yakuniy matnini ishlab chiqishi kerak.

Axios nashri ma’lumotiga ko‘ra, memorandumni imzolash marosimi dastlab 19 iyul kuni Shveytsariyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Biroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozini tezroq ochish maqsadida jarayon oldinga surilgan. Shu bilan birga, AQSh va Eron delegatsiyalarining yuqori darajadagi uchrashuvi hali ham rejada qolmoqda.

Imzolangan memorandum 14 banddan iborat bo‘lib, unda barcha frontlarda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, dengiz blokadasini bekor qilish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xalqaro kemachilikni qayta tiklash kabi shartlar nazarda tutilgan.

Hujjatga muvofiq, Eronga nisbatan joriy etilgan neft sanksiyalarini bekor qilish, mamlakat atrofida joylashgan AQSh qo‘shinlarini chiqarish, shuningdek, xususiy investitsiya jamg‘armasi hisobidan Eronni tiklash uchun 300 milliard dollar ajratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Eronning xorijda muzlatib qo‘yilgan 24 milliard dollarlik aktivlarini ozod qilish ham ko‘zda tutilgan. Eron esa o‘z navbatida yadroviy qurol yaratmaslik majburiyatini zimmasiga olgan.

Tomonlar o‘rtasidagi 60 kunlik muzokaralar davrida Eron yadroviy dasturi va mintaqaviy xavfsizlikka oid masalalar bo‘yicha yakuniy kelishuv ishlab chiqilishi kutilmoqda.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid