O‘zbekiston | 09:53
1522
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetdi

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan qurilish va shaharsozlik islohotlari natijasida mamlakatning urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetdi. Bu haqda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha parlament komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Foto: senat.uz

18 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisda ekologik barqaror urbanizatsiyani kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Unda keyingi yillarda aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish, uy-joy qurilishini rivojlantirish va shaharsozlik tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, qurilish sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengillik va imtiyozlar joriy qilinishi natijasida qurilishga ruxsat berish bosqichlari uch baravar, muddatlari esa to‘rt baravar qisqartirilgan. Shuningdek, 420 ta shaharsozlik norma va qoidalari qayta ko‘rib chiqilib, 140 ta yangi normativ hujjat tasdiqlangan.

Yaratilgan sharoitlar tufayli so‘nggi to‘qqiz yilda qariyb 10 mingta yangi qurilish korxonasi faoliyat boshladi. Yillik uy-joy qurilishi hajmi esa 10 baravarga oshib, 2025 yilda 238 mingta xonadonga yetdi.

Shu bilan birga, respublika bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston” massivlari loyihasi doirasida 61 ta yangi turar joy massivi barpo etildi.

Qayd etilishicha, qurilish, qurilish materiallari sanoati va unga turdosh tarmoqlarda 3,5 million nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 140 trillion so‘m miqdorida resurslar ajratilgan.

Majlisda Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi urbanizatsiya jarayonlari ham tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, urbanizatsiya darajasi Namanganda 64,9 foizga, Farg‘onada 56,7 foizga va Andijonda 52,2 foizga yetgan.

Shuningdek, keyingi to‘rt yilda mazkur uch viloyatda uy-joy qurilishi hajmi qariyb 2,5 baravarga oshgan, 237,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Muhokamalar davomida shaharsozlik hujjatlarini takomillashtirish, piyodalar va velosipedchilar infratuzilmasini rivojlantirish, harakat xavfsizligini oshirish hamda sanoat taraqqiyoti bilan ekologik barqarorlik o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash dolzarb vazifalar sifatida belgilandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid