Texnologiya | 08:31
871
3 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy intellekt rivoji ekologiya uchun qanday oqibatlarga olib keladi?

BMT universiteti huzuridagi Suv resurslari, atrof-muhit va salomatlik instituti (UNU-INWEH) olimlari sun’iy intellekt infratuzilmasining ekologik ta’siri haqida ogohlantirdi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib SI data-markazlari iste’mol qiladigan suv hajmi Afrikadagi Sahroi Kabir janubida yashovchi 1,3 milliard aholining asosiy maishiy ehtiyojlariga tenglashishi mumkin.

Foto: AP

Mutaxassislar ta’kidlashicha, sun’iy intellektning atrof-muhitga ta’siri ko‘pincha faqat uglerod chiqindilari orqali baholanadi. Biroq bu to‘liq manzarani aks ettirmaydi. Chunki data-markazlarni sovitish va elektr energiyasi bilan ta’minlash jarayoni katta hajmda suv sarflanishiga olib keladi. Shuningdek, bunday infratuzilmani qurish uchun zarur bo‘lgan obektlar va ta’minot zanjirlari katta yer maydonlarini ham talab qiladi.

Hisobotga ko‘ra, 2030 yilga borib sun’iy intellekt data-markazlari yiliga taxminan 945 teravatt-soat elektr energiyasi iste’mol qiladi. Bu Pokiston, Bangladesh va Nigeriyaning umumiy yillik elektr energiyasi iste’molidan qariyb uch baravar ko‘pdir. Mazkur uch mamlakat aholisi soni esa 650 million kishidan ortiqni tashkil etadi.

Tadqiqot mualliflari SIning «suv izi»dan tashqari «yer izi» ham juda katta bo‘lishini ta’kidlamoqda. Ularning baholashicha, sun’iy intellekt infratuzilmasi egallaydigan yer maydoni 14,5 ming kvadrat kilometrdan oshib ketishi mumkin. Bu maydon Indoneziya poytaxti Jakarta aglomeratsiyasi hududidan qariyb ikki baravar katta hisoblanadi.

Olimlar ekologik muammolarni hal qilish uchun faqat qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tishning o‘zi yetarli emasligini ham qayd etmoqda. Masalan, ko‘mirdan bioenergetikaga o‘tish uglerod chiqindilarini taxminan 70 foizga qisqartirishi mumkin. Biroq bunda suv iste’moli 30 baravardan ko‘proq, yer resurslariga bo‘lgan ehtiyoj esa qariyb 100 baravar ortishi mumkin.

Shu munosabat bilan hisobot mualliflari «mas’uliyatli sun’iy intellekt ekotizimi»ni shakllantirishga chaqirdi. Ularga ko‘ra, SI texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etishda nafaqat uglerod chiqindilari, balki suv resurslari, yer maydonlari hamda ijtimoiy oqibatlar ham inobatga olinishi lozim.

Mutaxassislar fikricha, sun’iy intellektning jadal rivojlanishi texnologik taraqqiyot bilan bir qatorda ekologik barqarorlik masalalarini ham kun tartibiga chiqarmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid