Jahon | 08:16
1263
3 daqiqa o‘qiladi

Qaysi davlatlar energiyani iste’mol qilganidan ko‘proq ishlab chiqaradi?

2024 yil yakunlari bo‘yicha Rossiya energiya ishlab chiqarish hajmi iste’moldan eng ko‘p oshgan davlat sifatida qayd etildi. Ayni paytda Xitoy dunyodagi eng yirik energiya tanqisligiga ega mamlakat bo‘lib qolmoqda.

AQSh Energetika axboroti boshqarmasi (EIA) ma’lumotlari asosida tayyorlangan yangi tahlilda mamlakatlarning energiya ishlab chiqarishi va iste’moli o‘rtasidagi farq taqqoslandi.

Tadqiqotda energiya balansi kvadrillion britan issiqlik birliklari (BTU) orqali baholangan bo‘lib, ishlab chiqarilgan umumiy energiya hajmidan iste’mol qilingan energiya hajmi ayirib hisoblangan. Musbat ko‘rsatkich energiya profitsitini, manfiy ko‘rsatkich esa energiya tanqisligini anglatadi.

2024 yilda Rossiya energiya ishlab chiqarish bo‘yicha eng yuqori profitsitga erishdi. Mamlakat iste’mol qilganidan 26 kvadrillion BTU ko‘proq energiya ishlab chiqargan. Bu taxminan 7 620 trillion kilovatt-soat energiyaga teng.

Mutaxassislar bu holatni Rossiyaning neft, tabiiy gaz, ko‘mir va atom energetikasi sohasidagi yirik ishlab chiqaruvchi ekani bilan izohlamoqda. Mamlakatdagi energiya ishlab chiqarish hajmi ichki ehtiyojdan ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.



Reytingda ikkinchi o‘rinni Saudiya Arabistoni egalladi. Ushbu davlatda energiya profitsiti 15,1 kvadrillion BTU'ni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Avstraliya va Kanada qayd etilgan.

Aksincha, Xitoy eng katta energiya tanqisligiga ega mamlakat sifatida ko‘rsatildi. Mamlakatda energiya iste’moli ishlab chiqarishdan 39,8 kvadrillion BTU'ga ko‘p bo‘lgan. Bu 11 664 trillion kilovatt-soatdan ziyod energiya hajmiga teng.

Ekspertlar fikricha, Xitoyning ulkan sanoat salohiyati, aholi sonining ko‘pligi va iqtisodiy faollik yuqoriligi mamlakatda energiyaga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda.

Energiya tanqisligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Hindiston qayd etilgan bo‘lsa, Yaponiya uchinchi pog‘onani egallagan. Shuningdek, Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya, Italiya va Fransiya ham energiya import qiluvchi yirik davlatlar qatoriga kirgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatning energiya balansi nafaqat tabiiy resurslarga, balki sanoat tarkibi, texnologiyalar darajasi, aholi soni va davlatning energetika siyosatiga ham bog‘liq.

Shu sababli tabiiy resurslarga boy bo‘lish har doim ham energiya profitsitini kafolatlamaydi. Mamlakatning energiya eksportchisi yoki importchisiga aylanishi iqtisodiy rivojlanish modeli va energiyadan foydalanish samaradorligi bilan ham belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid