Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Solovyov dronlar hujumini tasvirga olganlarni qamashni talab qildi
Rossiya propagandasi Ukraina qurolli kuchlarining Moskvaga amalga oshirgan eng yirik hujumiga qanday munosabatda bo‘ldi: Z-blogerlar havo Moskvaga kirib kelayotgan yuzlab dronlarni urib tushirgan (ammo Kapotnyaga hujumni o‘tkazib yuborgan) havo hujumidan mudofaa kuchlarini maqtadi. Televideniye esa bu voqealarni deyarli yoritmadi.
Televideniye
Rossiyadagi federal kanallar Ukraina qurolli kuchlari dronlarining Moskvaga hujumlarini amalda e’tiborsiz qoldirishdi. Birinchi kanal ham, «Rossiya 1» va NTV ham bu mavzuni anonslarning dastlabki blokiga kiritmagan.
Birorta telekanal hujum haqida alohida syujyet tayyorlamadi: boshlovchilar shunchaki Moskva shahri meri Sergey Sobyanin hamda Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobevning rasmiy hisobotlaridan qisqacha iqtibos keltirgan. Birinchi kanal Vorobevning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan postidan fotosuratlarni ko‘rsatish bilan cheklangan.
Kunduzgi yangiliklarda ham na NTV va na Birinchi kanal hujum haqida to‘xtalmagan. «Rossiya 1» telekanali esa ertalabki dasturda bo‘lgani kabi Sobyanin vai Vorobevning bayonotlaridan iqtibos keltirgan, jumladan, Moskva oblastining yaralanganlar soni bo‘yicha ma’lmotini e’lon qilgan.
Propagandachilar
Asosiy propagandachilar esa asosan hujumlar va ularning oqibatlarini tasvirga olganlarni qattiq jazolash zarurligi haqidagi tezislarni takrorlashgan.
«Tunda biz Kiyevning qayerigadir ballistika bilan zarba berdi. Xolislikka da’vo qiluvchi ispan blogeri [Anatoliy Shariy]da bu mavzuda deyarli umuman foto bo‘lmadi. Deyarli yo‘q. Lekin lentasi Moskva oblasti bo‘yicha zarbalar kadrlariga to‘lib ketgan. Shuning uchun jo‘natayotganlarning barchasini qamoqqa tashlash zarur. Namoyishkorona tarzda», – degan ertalabki efirda Vladimir Solovyov.
«Solovev Live» boshlovchisi Armen Gasparyan kuchishlatar tuzilmalarni yuzdan tanish tizimi orqali video mualliflarini qidirishga, keyin esa ularni hibsga olib, so‘roq paytida «tilka-pora qilish»ga chaqirgan. U videoga oluvchilarni «bir tiyinga qimmat ablahlar» va Ukraina qurolli kuchlarining «ko‘ngilli yordamchilari» deb atagan.
VGTRK bosh direktori o‘rinbosari Andrey Medvedev «hozirda butun Ukraina ijtimoiy tarmoqlar segmentida Moskvadagi obektlarga zarba berilishi aks etgan kadrlar tarqalayotgani»ni aytgan. «Bu o‘rinda shunday savol tug‘iladi: zarba kelib tushishini suratga olganlar uchun 275-modda bo‘yicha jinoiy ishlar qani?» – deya yozgan u.
U, shuningdek, «xomxayollarga berilmaslik kerakligi, Rossiya Ukraina bilan emas, umuman G‘arb Rossiyaga qarshi kurashayotgani»ni ta’kidladi va hujum G7 sammiti yakunlanganidan bir kun o‘tib sodir bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
Z-blogerlar
Telegramda harbiy mavzuda yozuvchi boshqa ko‘plab mualliflar ham ijtimoiy tarmoqda zarbalar bo‘yicha videolar juda ko‘pligidan norozilik bildirgan, ammo bunga qarshi kurashishdan ma’no yo‘qligini qayd etishgan.
«Tarmoqdagi zarbalar kadrlariga ko‘nikish va ular bilan to‘g‘ri ishlashni o‘rganish kerak», – deya yozgan «Zapiski Veterana» kanali (295 ming o‘quvchisi bor) va NATOda «eng yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldoshlar mavjudligi», ular orqali olingan ma’lumot baribir Ukraina qurolli kuchlariga berilishini qayd etgan. «Rybar» (1,56 million o‘quvchi) ko‘p sonli videolar fonida «hujumlar paytida har qanday aloqani bloklashga urinadigan xizmatlar va organlar o‘ylab topayotgan choralardan ajablanmaslik kerakligi»ni yozdi.
Shu bilan birga, Z-mualliflarning bir qismi voqea joyidan videolar chiqishini «Sadovod» savdo markazida va Moskva janubi-sharqidagi boshqa bozorlarda ishlovchi xorijliklar zimmasiga yuklagan. Telegramdagi Colonelcassad kanali (750 ming o‘quvchi) muallifi bo‘lgan bloger «ularni kamera qarshisiga to‘plash», jarima solish va kelgusida mamlakatga kirishni taqiqlagan holda deport qilish taklifini bergan.
Harbiy mavzuda yozuvchi blogerlarning bir qismi esa poytaxt regioni ustida dronlarni urib tushirgan (ammo Kapotnyadagi zavodga zarbani o‘tkazib yuborgan) havo hujumidan mudofaa kuchlarini maqtagan. «Havo hujumidan mudofaa kuchlari oldida shlyapamni yechaman […]. PVO shaharga kirish hududida 180 ta nishonni yo‘q qildi – bir oy oldin bunday raqamlarni keltirib bo‘lmasdi. Zenitchilar va radioelektron kurash vositalari raschyotlari poytaxt regionida imkoni bo‘lgan maksimal sur’atda ishlashdi», – deya yozgan «harbiy muxbir» Aleksandr Kots (480 ming o‘quvchi). «Dunyodagi birorta havo hujumidan mudofaa kuchlari yoppasiga hujumga dosh berib, 100 foiz natija ko‘rsata olmaydi. Faqat dronlarning o‘zi bilan emas, balki dronlarni uchirishning asosiy sabablariga qarshi kurashish vaqti keldi», – deya yozadi «Belorusskiy silovik» (439 ming o‘quvchi) «Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlariga zarba berish zarurligi»ga ishora qilgan holda.