Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Italiya va AQSh o‘rtasida yangi diplomatik mojaro yuzaga keldi
Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani AQSh prezidenti Donald Trampning Italiya bosh vaziri Jorja Meloni haqida aytgan so‘zlarini “jiddiy va haqoratli” deb baholab, Vashingtonga rejalashtirilgan rasmiy tashrifini bekor qildi. Bu qaror Rim va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarda yangi keskinlik belgisi sifatida baholanmoqda.
Antonio Tayani 19 iyun kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida Trampning Jorja Meloniga nisbatan bildirgan fikrlari nafaqat hukumat rahbariga, balki butun Italiyaga nisbatan haqorat ekanini ta’kidladi.
“Prezident Trampning bosh vazir Jorja Meloni haqidagi jiddiy va haqoratli bayonotlari butun Italiyani haqorat qilish bilan barobar. Shu munosabat bilan 21–22 iyun kunlari AQShga rejalashtirilgan tashrifimni bekor qilishga qaror qildim”, — dedi Italiya tashqi ishlar vaziri.
Tayani Mayami shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Italiya–AQSh biznes, investitsiyalar, ilm-fan va innovatsiyalar forumida ishtirok etishi kerak edi. Shuningdek, AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda Tayanining davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashuvi ham rejalashtirilgan bo‘lgan.
Mojaroga Trampning Italiyaning La7 telekanaliga bergan intervyusi sabab bo‘ldi. Suhbat davomida AQSh prezidenti Jorja Meloni G7 sammiti chog‘ida u bilan birga suratga tushish uchun “yolvorgani”ni iddao qildi. Tramp, shuningdek, Italiya bosh vaziriga rahmi kelganini ham aytgan.
Bu bayonotga Meloni tezkor munosabat bildirib, Trampning so‘zlarini mutlaqo uydirma deb atadi.
“Bunday bayonotlar to‘liq o‘ylab topilgan. Men hayratdaman. AQSh prezidenti nega o‘z ittifoqchilariga nisbatan shunday munosabatda bo‘layotganini tushunmayman. Afsuski, bu birinchi holat emas”, — dedi Italiya bosh vaziri.
Meloni, shuningdek, Tramp g‘arb davlatlarining raqiblari va AQSh manfaatlariga qarshi chiqqan rahbarlarga nisbatan bunday qat’iy munosabat namoyon etmayotganini ta’kidladi.
“Bir narsani eslab qolishi kerak: na men, na Italiya hech qachon yolvormaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Nashr ta’kidlashicha, bu ikki siyosatchi o‘rtasidagi birinchi ziddiyat emas. Munosabatlardagi sovuqlik 2026 yil bahorida boshlangan. O‘shanda Tramp Rim papasi Lev XIVning urushayotgan davlatlar rahbarlarini muzokaralar stoliga chaqirgan bayonotini qattiq tanqid qilgan edi.
AQSh prezidenti pontifikni tashqi siyosat va xavfsizlik masalalarida zaiflikda ayblagan. Bunga javoban Meloni Rim papasi haqidagi bunday fikrlarni “qabul qilib bo‘lmaydigan bayonot” deb atagan.
Shundan so‘ng Tramp Melonini ham tanqid qilib, uning Eron bilan bog‘liq mojaroda AQSh va Isroilni qo‘llab-quvvatlamaganini eslatgan. U Italiya bosh vazirini Eronning ehtimoliy yadroviy tahdidiga yetarlicha jiddiy qaramayotganlikda ayblagan.
Kuzatuvchilar fikricha, so‘nggi diplomatik tortishuvlar Vashington va Rim o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, NATO, Yaqin Sharq siyosati va transatlantik hamkorlik masalalarida ikki davlat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar yanada ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda.
Mavzuga oid
20:51 / 19.06.2026
«Italiya va men hech qachon yolvormaymiz» - Meloni Trampga keskin e’tiroz bildirdi
10:10 / 18.06.2026
O‘zbekistonlik shifokorlar Italiyada 5 ming yevrogacha maosh olishi mumkin
11:00 / 10.06.2026
Parij isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qildi
22:05 / 29.05.2026