Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganda shunday onaxon bor: u 75 yoshida “prava”li bo‘ldi
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 75 yoshli Zohida Karimova nazariy va amaliy imtihonlarni birinchi urinishda muvaffaqiyatli topshirdi va shu yoshida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘ldi.
“Endi menda ham “prava” bor. Yaqinda yangi mashina sotib olmoqchiman”, – deydi onaxon xursandchiligini yashira olmay.
Zohida Karimova haydovchilik guvohnomasini olishga qachon qaror qilgani haqida aytib berdi:
“O‘tgan yili ish bilan Toshkentga bordim. Taksiga chiqay deb qo‘limni ko‘tarsam menga o‘xshagan yoshi ulug‘ ayol kelib to‘xtadi. Haydovchi ayol 86 yoshda ekan. Uning shu yoshda ham hech bir qiyinchiliklarsiz mashina boshqarganini ko‘rib havasim keldi. Men ham “prava” olaman deb niyat qildim o‘zimcha. Mana, niyatimga yetib turibman. To‘raqo‘rg‘on tumani Vatanparvar tashkilotida o‘qib bir urinishda “prava”li ham bo‘ldim.

Mana “prava”ni oldik. Reja “minimum” bajarildi, endi orzuning “maksimum”ini bajaramiz. Bu nima degani? Xudo xohlasa, yangi mashina olishni niyat qilib qo‘ydim, umid qilyapman. Har doim Allohim niyatlarimga yetkazgan, albatta bunga ham yetaman deb niyat qilaman, Allohdan so‘rayman.
Harakat qilsangiz, astoydil intilsangiz odam qilgan ish ekan, bo‘laverar ekan. Mana bir martada ham amaliy, ham nazariy imtihondan muvaffaqiyatli o‘tdim. Hamma hayron qolib, qoyil onaxon deyishyapti. Inson tirik ekan yashash kerak, bor imkoniyatlardan foydalanish kerak.

Bir urinishdayoq imtihondan o‘tganimni ko‘rgan “prava” ololmay yurgan bolalar hayron bo‘lishyapti. “Endi biz ham astoydil harakat qilamiz, siz olganda, biz ham “prava”olamiz” deb harakatga tushib qolishdi.

1969 yilda maktabni bitirib Namangan Davlat Universitetining Matematika fakultetiga o‘qishga kirganman. 38 yil maorif sohasida ishladim. Turmush o‘rtog‘im vafot etib ketganlar, ikki nafar farzandim bor. Agar turmush o‘rtog‘im bo‘lganlarida edi yonimdagi o‘rindiqqa o‘tqazib olib shahar aylantirib yurgan bo‘lar edim”, – deydi 75 yoshida haydovchilik guvohnomasi olgan Zohida Karimova.
Mavzuga oid
11:44 / 28.02.2026
1200 dollarga "prava" olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
11:09 / 03.11.2025
Skuter va mototsikllarga “prava”ni qanday olish mumkin va bu qanchaga tushadi?
17:09 / 22.02.2025
Yo‘llarda drift qilish, yo‘laklarni «shaxmat» kabi almashtirish – «prava»dan mahrum bo‘lishga sabab bo‘ladi
07:10 / 13.12.2024