Jahon | 22:51 / 21.06.2026
1210
1 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada jazirama issiq tufayli qizil darajadagi xavf e’lon qilindi

Ayrim hududlarda havo harorati 42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Sinoptiklar jazirama issiq yanada kuchayishi mumkinligini aytishmoqda. Fransiya ta’lim vaziri Eduar Jyeffre yuqori harorat sababli 845 ta maktab vaqtincha yopilishini ma’lum qilgan.

Foto: sb.by

Fransiyadagi 96 departamentning 49 tasida eng yuqori — qizil darajadagi ob-havo xavfi e’lon qilindi. Bu haqda mamlakat milliy meteorologiya xizmati Météo-France ma’lum qildi.

Meteorologlarning ta’kidlashicha, ilgari hech qachon bir vaqtning o‘zida bunchalik ko‘p departamentda qizil darajadagi xavf e’lon qilinmagan. Ayrim hududlarda havo harorati 42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

“Jazirama harorat kelasi hafta ham davom etishi, hatto yanada kuchayishi ehtimoldan xoli emas”, deyishmoqda sinoptiklar.

Bundan tashqari, 40 departamentda xavfning bir pog‘ona past — to‘q sariq, 7 departamentda sariq darajadagi ogohlantirish joriy etildi.

Avvalroq Fransiya milliy ta’lim vaziri Eduar Jyeffre, yuqori harorat sababli 845 ta maktab vaqtincha yopilishini ma’lum qilgandi. Yana 1,8 mingta ta’lim muassasasida dars jadvali o‘zgartiriladi: o‘quvchilar tushgacha o‘qiydi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid