Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
JChda 10-kun. Germaniyada kambek, Kyurasaoda sensatsiya, portugallar lagerida mojaro
Birinchi turda 5 ta gol urgan shvedlar bu turda 5 ta gol o‘tkazishdi, Kyurasao darvozaboni esa 15 ta seyv bilan rekord o‘rnatdi, kuchli raqibdan ochko olgan debyutantlar guruhdan chiqish uchun nazariy imkoniyatni saqlab qolmoqda; Germaniya muddatidan oldin pley-off masalasini hal qildi, Yaponiyaga ham yirik hisobda yutqazgan Tunis turnirni tark etdi.
Jahon chempionatining ikkinchi turi yorqin o‘yinlar bilan muxlislarni xursand qilishda davom etmoqda: Kyurasao Ekvador bilan o‘yinda sensatsiya ko‘rsatdi (0:0), Yaponiya Tunisni osonlik bilan tor-mor etdi (4:0), Niderlandiya Shvetsiyaga imkon qoldirmadi (5:1), Germaniya Kot-d' Ivuar bilan o‘yin oxirida g‘alaba golini urdi (2:1).
Maydon tashqarisida ham e’tiborli voqealar bo‘lib o‘tmoqda: Turkiya milliy jamoasi futbolchilari turnirni erta tark etgani uchun uzr so‘rashdi, Angliyadagilar mundialda o‘ynalayotgan to‘plarning g‘ayrioddiy xususiyatini payqab qolishdi, Portugaliyada esa feyk xabar tufayli chiqqan mojaro avj olmoqda.
Shvetsiya darvozasiga ikki futbolchi dubl qildi

Niderlandiya – Shvetsiya 5:1
Gollar: Brobbi, 5 (1:0). Brobbi, 17 (2:0). Gakpo, 47 (3:0). Gakpo, 54 (4:0). Elanga, 59 (4:1). Sammervill, 89 (5:1)
Niderlandiya: Verbryuggen, van Deyk, van Hekke, van de Ven, Dyumfris, de Yong (Til, 59), Reynders (Kopmeyners, 59), Gravenberh, Gakpo (Lang, 90), Malen (Sammervill, 46), Brobbi (Depay, 72)
Shvetsiya: Nordfeldt, Hin, Lindelyof, Lagerbilke, Chelstrem (Bergvall, 55), Nyugren (Zeneli, 55), Ayyari (Ali, 79), Gudmundsson (Stroud, 90+3), Bernhardsson (Elanga, 55), Isak, Yokeresh
Ogohlantirishlar: Gudmundsson, 53. Ayyari, 75. Bergvall, 80
Shvetsiya 1-turda yirik hisobda g‘alaba qozonib, maqtovlarga sazovor bo‘lgandi (5:1). Ammo o‘shanda raqib guruh autsayderi Tunis bo‘lgandi. Endi esa yulduzli tarkibga ega bo‘lgan niderlandlar Yaponiya bilan durang o‘ynab qo‘yganidan keyin bor alamini shvedlardan olishdi (5:1).
Gremm Potter shogirdlari 5-daqiqadayoq tezkor gol o‘tkazib yuborishdi. Bu golli hujum maksimal darajada oddiy amalga oshirildi: darvozabon to‘pni oldinga yetkazdi, Brobbi to‘pni yutib oldi va qanotga yetkazib, o‘zi oldinga yugurdi, chap qanotda undan to‘pni qabul qilib olgan Reynders oldinroqdagi Gakpoga uzatma berdi, u esa to‘pni darvozabon hududiga yetib kelgan Brobbiga yetkazdi va hujumchida darvozani ishg‘ol etishdan boshqa variant yo‘q edi. Va bu voqealarning barchasi 10 soniya ichida ro‘y berdi.
17-daqiqada esa ushbu hujumchi endi o‘ng qanotdan Dumfris uzatgan to‘pni yaqin masofadan turib darvoza to‘riga kiritib yubordi va dublni rasmiylashtirdi.
O‘yinning birinchi bo‘limida shvedlar raqibga qaraganda ko‘proq zarba berishdi (9:5), Yokereshning o‘zida uchta xavfli vaziyat yuzaga keldi, ammo niderlandlar darvozaboni Verbryuggen ishonchli harakat qildi.
Ikkinchi bo‘lim boshida esa niderlandlar yana tashabbusni o‘z qo‘liga olishdi va Kodi Gakpo ham ikkita bir-biriga o‘xshash gollar muallifiga aylandi.
Shvedlar biroz o‘tib qarshi hujumda Elanganing chiroyli goli bilan javob qaytarishdi, ammo yakuniy hisob o‘yin oxirlarida Sammervil tomonidan o‘rnatildi – 5:1. Niderlandlar hozircha rasman guruhdan chiqishmadi, ammo amalda pley-offga tayyorgarlik ko‘rishni boshlashi mumkin.
Undav qutqardi

Germaniya – Kot-d`Ivuar 2:1
Gollar: Kesse, 30 (0:1). Undav, 68 (1:1). Undav, 90+4 (2:1)
Germaniya: Noyyer, Ta, Shlotterbek (Ryudiger, 46), Braun, Kimmih, Pavlovich (Amiri, 60), Nmecha, Musiala (Leveling, 60), Virs, Sane (Undav, 60), Havers (Goretska, 85)
Kot-d`Ivuar: Ya. Fofana, Kossunu, Agbadu, Konan, Singo (Due, 82), Sangare (S. Fofana, 75), Kesse, Oulai, Diomande (Pepe, 85), Diallo (Adingra, 75), Bonni (Gessan, 75)
To‘rt karra jahon chempionlari turnirni oson g‘alaba bilan boshlashgandi: birinchi turda jamoaga turnir debyutanti Kyurasao raqib bo‘lgandi. Bundestim avvaliga raqibga turnir tarixidagi ilk golni urish imkoniyatini bergan bo‘lsa-da, keyin istagancha gol urgandi (7:1). Ikkinchi o‘yindagi g‘alaba Germaniya uchun uzoq kutilgan pley-off yo‘llanmasini taqdim etishi kerak edi: nemislar oldingi ikki mundialda ham guruhdan chiqa olmagandi. Ikkinchi turdagi raqibni yengish esa oson ish emasdi – birinchi turda Ekvador (1:0) ustidan g‘alabaga erishgan Kot-d'Ivuar ham guruh masalasini shu turda hal qilish uchun maydonga tushgandi.
Nemislar, albatta, uchrashuv favoriti sanalayotgandi. Ammo jamoa o‘yin startida ishonchsiz harakat qildi va tashabbusni afrikaliklarga berib qo‘ydi. Va raqib o‘z imkoniyatidan foydalandi: Frank Kesse jarima maydonida o‘ziga kelib qolgan to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi.
Shundan keyin ham ivuarliklar himoyaga yotishmadi, aksincha bosim o‘tkazishda davom etishdi va nomdor raqibga qaraganda yaxshiroq ko‘rindi. Ammo hisobni ushlab qola olishmadi. Germaniya safida zaxiradan o‘yinga tushgan Deniz Undav (u oldingi o‘yinda ham zaxiradan maydonga tushib 1 gol va 2 assist muallifi bo‘lgandi) qahramonga aylandi: «Shtutgart» hujumchisi 60-daqiqada maydonga tushdi va 68- va 90+4-daqiqalarda gol urib, jamoasini pley-offga olib chiqdi.
Kyurasaoda ham ochko bor

Ekvador – Kyurasao 0:0
Ekvador: Galindes, Pacho, Inkapiye, Franko (Presiado, 83), Alsivar (Rodriges, 46), Vite, Moyzes Kaysedo, Estupinyan (Angulo, 70), Yyeboa (X. Kaysedo, 89), Valensiya, Plata
Kyurasao: Rom, Gari, Floranus, Obispo, Fonvill (van Eyma, 76), Brenet, Komenensiya (Romeratoe, 84), L. Bakuna, J. Bakuna (Gorre, 75), Chong (Margarita, 76), Lokadia (Kastaner, 83)
Ogohlantirishlar: Alsivar, 38 – L. Bakuna, 39. J. Bakuna, 53. Komenensiya, 56. Gari, 75. Kastaner, 90
Bu o‘yin oldidan Ekvador yaqqol favorit edi va amalda ham janubiy amerikaliklar yaqqol ustunlikka erishishdi – xG bo‘yicha 3,05 ga 0,48, zarbalar soni bo‘yicha 27:10, golli vaziyatlar bo‘yicha 5:0, burchak zarbalari bo‘yicha 9:0, to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha 75 ga 25 foiz.
Ammo Enner Valensiya, Moyses Kaysedo, Pervis Estupinyan, Piyero Inkapiye va Vilyan Pacho kabi yulduzlar jamoasi jahon chempionatiga ilk bor chiqqan raqibga qarshi hech narsa qila olishmadi. Kyurasaoliklarning 37 yoshli darvozaboni Eloy Rom kabo-verdelik Vozinyadan ham o‘tib ketdi va 15 seyv ijro etdi. Uning ham instagramdagi o‘quvchilari soni o‘sa boshladi: o‘yin arafasida unda 300 ming o‘quvchi bor edi, o‘yindan keyin bu raqam millionga qarab ketmoqda.
Rom jahon chempionatining bir o‘yinida seyv ijro etish bo‘yicha rekord o‘rnatdi (2014 yilgi mundial 1/8 finalida AQSh milliy jamoasi posboni Belgiyaga qarshi o‘yinda o‘z darvozasi tomon yo‘llangan 16 ta zarbani qaytargandi, ammo o‘shanda jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarda ham o‘ynagan va o‘yin 120 daqiqa davom etib, yevropaliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi).
Bundan tashqari, Dik Advokat boshchiligidagi Kyurasao uchun bu jahon chempionatlaridagi ilk ochkoga aylandi. Ikkinchi tur o‘yinlaridan keyin KONKAKAF vakillari Ekvador bilan bir xil ochkoga ega, faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra (Kyurasao turnirni Germaniyaga 1:7 hisobida yutqazish bilan boshlagandi) oxirgi o‘rinda.
Ekvador ikki o‘yinda 40 ta zarba yo‘llab, birorta gol ura olmadi: avvaliga Kot-d’Ivuar bilan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida gol o‘tkazib, yutqazgandi (0:1), endi kamtarona Kyurasaoni yenga olmadi (0:0). Endi E guruhidan chiqish uchun Ekvador so‘nggi turda Germaniyani mag‘lub etishi kerak bo‘ladi. Pley-offga chiqish imkoniyati Kyurasaoda ham saqlanib qolmoqda: buning uchun ular Kot-d'Ivuarni mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.

Yaponiya yubiley o‘yinda porladi
Tunis – Yaponiya 0:4
Gollar: Kamada, 4 (0:1). Ueda, 31 (0:2). D. Ito, 69 (0:3). Ueda, 83 (0:4)
Tunis: Damen, Talbi, Rekik, Bronn (Ben Amida, 46), Sxiri (Xedira, 90), Slimane, Abdi (Ashuri, 90), Valeri, Saad (Garbi, 46), Mejbri, Tunekti (Shauat, 65)
Yaponiya: D. Sudzuki, Itakura, X. Ito, Tomiyasu (Seko, 79), Tanaka, Sano, Nakamura (Yu. Sudzuki, 79), Doan (Sugavara, 74), D. Ito, Kamada (D. Sudzuki, 73), Ueda (Goto, 84)
Tunis – Yaponiya o‘yini natijasini oldindan taxmin qilish mumkin edi. Birinchi turdagi yirik mag‘lubiyatdan keyin bosh murabbiyidan ayrilgan tunisliklar o‘yini bir necha kun ichida o‘zgarib qolishini kutish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Yaponlar esa jahon chempionatlari tarixidagi yubiley 1000-o‘yinni yorqin o‘tkazishga qaror qilishdi.
Yaponiya to‘rtinchi daqiqadayoq hisobni ochishdi. Daiti Kamada darvozaga orqa qilib turgan holda tovoni bilan aniq zarba yo‘lladi.
10-daqiqada hisob 2:0 ko‘rinishini olishi mumkin edi: Ueda yo‘llagan zarbadan keyin to‘p himoyachilardan birining oyog‘i orqali darvoza to‘riga yo‘l oldi, ammo tunisliklar posboni Aymen Damen so‘nggi lahzada jamoasini qutqarishga ulgurdi – golni avtomatik aniqlash tizimi to‘p darvoza chizig‘ini to‘liq kesib o‘tmagan deb topdi.


Lekin Ueda birinchi bo‘limning o‘zi baribir o‘z maqsadiga erishdi, ikkinchi bo‘lim boshlarida Dzyun Ito hisobni yirik ko‘rinishga keltirib, tunislik muxlislarning kambek uchun umidlarini so‘ndirdi, o‘yin oxirida Ayase Ueda dublni rasmiylashtirib, yakuniy hisobni o‘rnatdi (4:0).

Turklar uyalmoqda
Bir kun oldingi o‘yinlar doirasida Turkiya milliy jamoasi Paragvayga yutqazib qo‘ygandi (0:1) va pley-offga chiqish imkoniyatini yo‘qotgandi. Holbuki turnir oldidan ushbu jamoa D guruhi favoritlaridan biri sifatida ko‘rilayotgandi. Endi futbolchilar muxlislardan uzr so‘ramoqda.
«Butun xalqimizdan uzr so‘rayman. Jamoamiz yosh. Oldinda hali turnirlar ko‘p. Ehtimol, bu mening so‘nggi turnirimdir, lekin yosh o‘yinchilarimizni qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman», – degan TRT Spor nashriga «Inter» yarimhimoyachisi Hoqon Chalxono‘g‘li.
Arda Guler ham shu ohangda bayonot berdi.
«Biz qattiq uyatdamiz. Barchamiz top-klublarda o‘ynaymiz va bu turnirda ancha yaxshiroq qatnashishimiz kerak edi. Birorta ham gol ura olmaslikni qabul qilib bo‘lmaydi», – deydi «Real» futbolchisi.
Jo Hart to‘pdan qanday foydalanish kerakligini aytdi
Angliya milliy jamoasining sobiq darvozaboni Jo Hart 2026 yilgi jahon chempionatida foydalanilayotgan «Trionda» nomli to‘p yuzasidan kuzatuvlari natijalari bilan bo‘lishdi. Uning fikricha, 2010 yilgi «Jabulani» to‘plari bilan bo‘lgani kabi, bu to‘p bilan ham olis masofadan zarba berilganida darvozabonlar uchun reaksiya ko‘rsatish juda qiyin bo‘ladi.
«Trionda» chindan ham odatiy modellardan farq qiladi: u atigi to‘rtta paneldan tayyorlangan. Bundan tashqari, to‘p ichiga ma’lumotlarni VAR tizimiga uzatuvchi datchiklar o‘rnatilgan. Bularning barchasi, britaniyalik sobiq futbolchi fikricha, aerodinamik xususiyatlarga kuchli ta’sir qiladi.
BBC efirida Hart Xorvatiyaning Angliya darvozasiga urgan birinchi goli bilan bog‘liq epizodni, shuningdek, Lionel Messining Jazoirga urgan gollaridan birini tahlil qilib, darvozabonlar to‘p tezligi va trayektoriyasini hisoblashda xato qilishmoqda, degan xulosaga keldi. Joning shunga ishonchi komil: bu turnirning borishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Futbolchilar to‘pning bunday xususiyatini bilgan holda, masofadan zarba berishni ko‘paytiradi.
Nevesh va Ronalduning qallig‘i o‘rtasidagi mojaro

Portugaliyaning Kongo DR bilan o‘yindagi muvaffaqiyatsiz natijasidan (1:1) keyin ijtimoiy tarmoqlarda jamoa yarimhimoyachisi Joau Neveshning sevgilisi Madalen Aragaoga taalluqligi ko‘rsatilgan feyk yozishma virusdek tarqaldi. Unda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri go‘yoki uning posti ostida shunday yozgani ko‘rsatilgan: «Boyfrending – ahmoq. Unga to‘pni GOAT (barcha zamonlarning eng kuchli futbolchisi ma’nosida) Krishtianu Ronalduga uzatish kerakligini ayt». Bunga javoban Aragao go‘yoki shunday yozgan: «O‘z GOAT’inga faoliyatini yakunlash kerakligini ayt. U juda xudbin».
OAVning aniqlashicha, aslida bunday yozishma bo‘lib o‘tmagan, bu skrinshot fotoshop yoki sun’iy intellekt orqali yasalgan. Ammo bir qancha yirik nashrlar bu skrinshotni tarqatishdi. Ushbu post mashhur Record Mexico akkauntida ham paydo bo‘lgan va uni Ronalduning qallig‘i Jorjina Rodriges ko‘rib qolgan. U post ostida shunday fikr qoldirgan: «Vau! Yangi avlod ajoyib!»
Shundan keyin Ronalduning minglab muxlislari Nevesh va uning sevgilisining instagramdagi sahifalariga hujum qilishgan. Boshqalar esa yolg‘on ma’lumotga ishonib, reaksiya bildirgan Jorjinaning ustidan kulishmoqda.
Bundan biroz oldin Krishtianuning singlisi Katya Aveyru portugallar jamoasi yarimhimoyachisi Brunu Fernandeshni passiv o‘ynashda ayblagandi va bu ijtimoiy tarmoqda jamoaga nisbatan salbiy fonni kuchaytirdi. Umuman olganda, 23 iyun kuni O‘zbekistonga qarshi o‘ynaydigan Portugaliya milliy jamoasi atrofidagi muhit notinch bo‘lib qolmoqda.
21-22 iyun kungi o‘yinlar
21 iyun kuni kechqurun va 22 iyunga o‘tar kechasi JCh guruh bosqichi 2-turi doirasida yana 4 ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi:
- 21.00. H guruhi. Ispaniya — Saudiya Arabistoni
- 00.00. G guruhi. Belgiya — Eron
- 03.00. H guruhi. Urugvay — Kabo Verde
- 06.00. G guruhi. Yangi Zelandiya — Misr
Mavzuga oid
09:10
Mundialdagi tarixiy debyut va qaytarib beriladigan soliq – hafta dayjesti
11:53 / 20.06.2026
JChda 9-kun. Shotlandlar o‘zbek hakamidan norozi, «Vinisius qonuni» ishga tushdi, Turkiya yig‘lab qoldi
14:53 / 19.06.2026
JChda 8-kun. Husanov operatordan uzr so‘radi, Shveytsariyada yangi yulduz porladi
10:49 / 19.06.2026