Jahon | 22:25 / 22.06.2026
864
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga neft sotishga vaqtincha ruxsat berdi

Vashington ikki tomonlama kelishuv doirasida Eronga nisbatan sanksiyalarning bir qismini bekor qildi.

Foto: Ali Mohammadi/Bloomberg

AQSh Moliya vazirligi Eron neftini eksport qilish uchun vaqtinchalik litsenziya berdi - Vashington ikki tomonlama kelishuv doirasida Eronga nisbatan sanksiyalarning bir qismini bekor qildi, deb xabar berdi Reuters.

Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC, AQSh Moliya vazirligining bo‘linmasi) litsenziyasi 21 avgustgacha amal qiladi. Ushbu muddatgacha Eronda qazib olinadigan neft va undan olinadigan neft mahsulotlarini qazib olish, qayta ishlash, sotish, tashish va jo‘natish, shuningdek, ular bilan bog‘liq bitimlar, shu jumladan sug‘urta qilishga ruxsat berilgan. Buning uchun AQSh sanksiyalari ro‘yxatidagi kemalardan foydalanish mumkin.

Shuningdek, hujjat Eron neftini bevosita AQShga yetkazishga ruxsat beradi. Uni sotish bo‘yicha bitimlar Eron hukumati yoki boshqa sanksiya ostidagi shaxslarning hisob raqamlariga tushadigan dollar bilan to‘lanishi mumkin.

Vaqtinchalik yumshatish ikki tomonlama anglashuv memorandumida aks ettirilgan Vashington va Tehron o‘rtasidagi oraliq kelishuvning bir qismi bo‘ladi. U iyun oyi o‘rtalarida imzolangan bo‘lib, jangovar harakatlarni to‘xtatish va muzokaralar uchun asos yaratishga qaratilgan.

Neft kotirovkalari ushbu xabarga biroz pasayish bilan javob berdi. Xabar e’lon qilingan vaqtda Londonning ICE birjasida Brent neftining bir barreli uchun avgust fyucherslari 77,73 dollarga sotildi, bu kechagi savdolarning yopilish darajasidan 3,5 foizga past.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid