Jahon | 10:00
969
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp qo‘llagan nomzod Kolumbiya saylovida yetakchilik qilmoqda

Kolumbiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovining ikkinchi turida o‘ta o‘ng siyosatchi va tadbirkor Abelardo de la Esprielya g‘alabaga yaqin turibdi. Bu haqda Reuters va AFP agentliklari xabar qildi.

Foto: REUTERS

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ovozlarning deyarli barchasi sanab chiqilganidan so‘ng de la Esprielya 49,65 foiz ovoz to‘plagan. Uning asosiy raqibi — hokimiyatdagi so‘l qanotdagi «Tarixiy pakt» koalitsiyasi vakili Ivan Sepeda esa 48,70 foiz ovoz olgan. Ikki nomzod o‘rtasidagi farq taxminan 246 ming ovozni tashkil etmoqda.

G‘olib nomzod 7 avgust kuni rasman prezidentlik lavozimini qabul qilib oladi va mamlakatni 2022 yildan buyon boshqarib kelayotgan so‘lchi prezident Gustavo Petroning o‘rnini egallaydi. Kolumbiya qonunchiligiga muvofiq, Petro ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ya olmagan.

Saylovoldi kampaniyasi davomida Abelardo de la Esprielya xavfsizlik va iqtisodiy islohotlarni o‘z dasturining asosiy yo‘nalishlari sifatida ilgari surdi. U narkotiklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi qurolli guruhlarga qarshi qat’iy kurash olib borish, jinoyatchilikka qarshi harbiy kuchdan faol foydalanish hamda Salvador tajribasiga o‘xshash yirik qamoqxonalar qurishni va’da qildi.

Shu bilan birga, u iqtisodiyotda davlat tartibga solishini qisqartirish, xususiy sektor uchun qulay sharoit yaratish va investitsiyalarni jalb qilish tarafdori sifatida tanilgan.

Uning raqibi Ivan Sepeda esa ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, davlat dasturlarini kengaytirish va keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish g‘oyalari bilan saylovda qatnashgan.

Abelardo de la Esprielya saylov kampaniyasi davomida AQSh prezidenti Donald Trampning ochiq qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘ldi. Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida uning g‘alabasini olqishlab, «U katta hisobda g‘alaba qozondi», deb yozdi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham de la Esprielyani telefon orqali tabriklab, uni «Kolumbiyaning saylangan prezidenti» deb atadi. U Vashington yangi ma’muriyat bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Saylov natijalari Kolumbiya va AQSh munosabatlarida yangi bosqich boshlanishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirmoqda. Chunki amaldagi prezident Gustavo Petro bilan Donald Tramp ma’muriyati o‘rtasida munosabatlar ancha taranglashgan edi.

Xususan, 2025 yil oktyabr oyida AQSh Moliya vazirligi Petro, uning oila a’zolari hamda mamlakat ichki ishlar vaziriga qarshi sanksiyalar joriy qilgan. Vashington ularni narkotrafikka qarshi yetarli chora ko‘rmaganlikda ayblagan edi. Bunga javoban Petro AQSh siyosatini keskin tanqid qilib, mamlakatda ommaviy namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan.

Tahlilchilar fikricha, de la Esprielyaning ehtimoliy g‘alabasi Kolumbiya tashqi siyosatida AQSh bilan yaqinlashuv va xavfsizlik masalalariga ko‘proq e’tibor qaratilishiga olib kelishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid