Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namanganda parrandachilikning to‘liq sanoat sikli yo‘lga qo‘yilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Uychi parranda” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxonada naslli tuxum yetishtirish, inkubatsiya qilish va tayyor go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishni qamrab olgan to‘liq sanoat sikli asosida yirik investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Uychi parranda” korxonasida zamonaviy parrandachilik infratuzilmasi shakllantirilgan. Tijorat bankining 50 million dollarlik mablag‘i hisobiga 121 gektar maydonda Vengriyaning “Aviagen” kompaniyasidan keltirilgan 60 ming bosh naslli tovuq intensiv usulda parvarishlanmoqda.

Korxonaning asosiy ustunligi naslli tuxum yetishtirishdan boshlab inkubatsiya qilish va tayyor go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yaxlit sanoat zanjirini yo‘lga qo‘yganidadir. Bu yerda joriy etilgan zamonaviy genetik texnologiyalar orqali kuniga 60 ming dona yuqori sifatli tuxum olinib, inkubatorlarda 50 ming bosh jo‘ja ochirilmoqda.

Go‘sht yetishtirish yo‘nalishida ham yuqori samaradorlik ta’minlangan. Har biri 100 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan komplekslarda broylerlar 45-50 kun davomida parvarish qilinib, bir siklda 120 tonna parranda go‘shti ishlab chiqarilmoqda.

Muvaffaqiyatli tajriba asosida kelgusida viloyatning Mingbuloq, Namangan, Norin, Pop, Uychi, Chust va Chortoq tumanlarida yangi parrandachilik komplekslari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida Namangandagi parrandalar soni 12 million boshga yetkazilib, qo‘shimcha 500 ta, kooperatsiya tizimi orqali esa jami 1 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Loyiha to‘liq quvvatga chiqqanidan keyin nafaqat Namangan viloyati, balki butun Farg‘ona vodiysi bozorlarida parranda go‘shti va tuxum mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlash, shuningdek eksport hajmini oshirish imkoniyati kengayadi.
