Jahon | 08:18
1579
2 daqiqa o‘qiladi

Xarita: qaysi davlatlarda 65 yoshdan oshganlar ulushi eng yuqori?

Dunyo aholisining qarishi global demografik tendensiyaga aylanmoqda. Bu jarayon bir tomondan odamlar umr ko‘rish davomiyligining ortishi, ikkinchi tomondan esa tug‘ilish ko‘rsatkichlarining pasayishi bilan izohlanadi. Yangi infografikada dunyo mamlakatlari aholisi tarkibida 65 yosh va undan katta fuqarolarning ulushi aks ettirilgan.

Foto: REUTERS

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, keksa aholi ulushining o‘sishi sog‘liqni saqlash tizimi va turmush darajasi yuqori ekanining belgisi hisoblanadi. Biroq bu holat pensiya ta’minoti, tibbiy xizmat va ijtimoiy infratuzilmaga qo‘shimcha bosim ham yuklaydi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyoda keksa aholi ulushi eng yuqori bo‘lgan davlat — Monako hisoblanadi. Knyazlik aholisining 36,2 foizini 65 yoshdan oshganlar tashkil etadi.

Bu borada Yaponiya ham yetakchi davlatlar qatorida. Mamlakat uzoq umr ko‘rish bo‘yicha dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, aholining o‘rtacha yoshi qariyb 50 yoshni tashkil qiladi. Yaponiyada 65 yoshdan kattalar ulushi 29,8 foizga yetgan.



Yevropaning ko‘plab davlatlarida ham aholining qarishi jiddiy demografik muammo sifatida baholanmoqda. Qit’adagi mamlakatlarning yarmidan ko‘pida keksa aholi ulushi 20 foizdan yuqori.

Rossiyada 65 yoshdan oshganlar aholining 17,2 foizini tashkil etadi. AQShda esa bu ko‘rsatkich biroz yuqoriroq bo‘lib, 17,9 foizga teng.

Aksincha, Afrika va Yaqin Sharqning ko‘plab mamlakatlarida aholi tarkibi ancha yosh hisoblanadi. Bu hududlarda 65 yoshdan oshganlar ulushi aksariyat hollarda 5 foizdan ham past.

Masalan, Qatarda keksa aholi ulushi atigi 1,7 foizni tashkil etadi. Bu mamlakatda mehnatga layoqatli yoshdagi aholi va mehnat migrantlari sonining yuqoriligi demografik tarkibga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Demograflar fikricha, aholi qarishi kelgusi o‘n yilliklarda ko‘plab davlatlar uchun iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning asosiy chaqiriqlaridan biri bo‘lib qoladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid