Jahon | 09:40
907
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Senati Eronga qarshi urushni tugatish tarafdori

AQSh Senati Eronga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatishni nazarda tutuvchi rezolyutsiyani ma’qulladi. Hujjat prezident Donald Trampni Eron bilan bog‘liq jangovar hududlardan amerikalik harbiylarni olib chiqishga chaqirmoqda, ammo u yuridik jihatdan majburiy kuchga ega emas.

Foto: REUTERS

Reuters agentligi ma’lum qilishicha, rezolyutsiya Senatda 50 nafar senatorning qo‘llab-quvvatlashi va 48 nafarning qarshi ovoz berishi bilan qabul qilingan.

Ovoz berish natijalari AQSh siyosiy doiralarida Eron bilan davom etayotgan mojaro yuzasidan xavotirlar kuchayib borayotganini ko‘rsatdi. Xususan, ayrim respublikachi senatorlar ham harbiy harakatlarning uzoq davom etishi bo‘yicha savollar qo‘ymoqda.

Rezolyutsiya matnida Donald Tramp ma’muriyati AQSh Qurolli kuchlarini Eronga qarshi yoki Eron bilan bog‘liq harbiy harakatlar olib borilayotgan hududlardan chiqarishi lozimligi qayd etilgan.

Biroq hujjat asosan siyosiy va ramziy ahamiyatga ega. U qonun kuchiga ega emas va ijrosi majburiy hisoblanmaydi. Shu sababli prezident uni bajarishga majbur emas.

Rezolyutsiya tashabbuskorlari bo‘lgan demokrat senatorlar fikricha, Kongress mamlakatni yangi urushlarga jalb qilish bo‘yicha qarorlarda hal qiluvchi rol o‘ynashi kerak. Ular Kongress roziligisiz Eronga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlash mumkin emasligini ta’kidlamoqda.

Oq uy rezolyutsiyani muhim deb hisoblamadi

CNN ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati rezolyutsiya qabul qilinishini demokratlar uchun katta siyosiy yutuq sifatida baholamagan.

Oq uy vakillari ovoz berish natijasiga ayrim respublikachi senatorlarning majlisda ishtirok etmagani ta’sir qilganini bildirgan. Shuningdek, ma’muriyat fikricha, hozirda amerikalik harbiylarni chiqarish talab etiladigan jangovar harakatlar mavjud emas.

Oq uy bayonotida ta’kidlanishicha, AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy harakatlar 17 aprel kuni e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan keyin rasman yakunlangan.

AQSh va Eron o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda

Shunga qaramay, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilganidan keyin ham ikki tomon o‘rtasida ayrim qurolli hujumlar va keskinlik holatlari kuzatilgan.

2026 yil iyun oyi o‘rtalarida Vashington va Tehron ikki oylik o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat harbiy harakatlarni to‘xtatish, Eronga nisbatan ayrim sanksiyalarni yumshatish hamda mamlakatni tiklash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etishni nazarda tutadi.

Hozirda tomonlar keng qamrovli tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy dastur ustidan xalqaro nazorat, sanksiyalar va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemachilik xavfsizligi masalalarida dastlabki kelishuvlarga erishilgan.

AQSh prezidentining ta’kidlashicha, Eron xalqaro inspektorlarga o‘zining yadroviy obektlarini tekshirish imkonini berishga rozilik bildirgan va bu muzokaralarning keyingi bosqichiga yo‘l ochgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid