Jahon | 21:40 / 24.06.2026
1950
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusdagi retranslyatorlar jim bo‘lib qoldi - Zelenskiy

Hozircha aniq emas, ular shunchaki o‘chirilganmi yoki allaqachon demontaj qilinganmi.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Rossiyaliklarga dronlarni Ukrainadagi nishonlarga yo‘naltirishga yordam bergan Belarus hududidagi retranslyatorlar 22 iyun kuni o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

«Ularni demontaj qilishganmi yoki yo‘qmi, hozircha bilmayman. Ammo biz bu borada ishlayapmiz va men vaziyatni juda diqqat bilan kuzatib boraman va har kuni hisobotlar olaman. Fakt shundaki, retranslyatorlar bugungi kunda ishlamayapti», dedi Zelenskiy.

Bundan oldin nima bo‘lgan?

19 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga ultimatum e’lon qilib, Rossiya retranslyatorlarini o‘z hududidan olib tashlash uchun bir hafta vaqti borligini aytgan edi.

Shuningdek, u bunday stansiyalar Belarusning Ukraina bilan chegaradosh ikki hududida joylashganini ma’lum qildi va agar Lukashenko buni qilmasa, Ukraina javob choralarini ko‘rishini aytdi.

Keyinroq Zelenskiy Belarus hududida Rossiya agressiyasiga yordam beradigan korxonalar borligini ham aytdi. Prezident bunday harakatlar Moskvaga bosimga moslashishga yordam berishini va tinchlikni yaqinlashtirmasligini ta’kidladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid