Jahon | 08:22
1127
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyo armiyalarida ayollar ulushi: kutilmagan yetakchilar kimlar?

So‘nggi o‘n yilliklarda dunyo armiyalarida ayollar ishtiroki sezilarli darajada oshdi. Agar avval ular asosan tibbiy, ma’muriy yoki yordamchi vazifalarni bajargan bo‘lsa, bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda ayollar jangovar bo‘linmalar, qo‘mondonlik lavozimlari va yuqori texnologiyali harbiy yo‘nalishlarda ham faol xizmat qilmoqda.

Foto: AFP

NATO va Global Firepower tadqiqot loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, turli davlatlar qurolli kuchlarida ayollar ulushi o‘rtasida katta tafovut mavjud. Tuzilgan reytingda ba’zi mamlakatlar kutilmagan natijalar bilan yetakchilik qilmoqda.

Reytingning birinchi pog‘onasini Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) egallagan. Mamlakat qurolli kuchlarida ayollar ulushi taxminan 40 foizni tashkil etadi.

Ikkinchi o‘rinda Isroil joylashgan bo‘lib, bu yerda ayol harbiylar ulushi 38 foizga teng. Mutaxassislar bu holatni mamlakatda ayollar uchun ham majburiy harbiy xizmat tizimi mavjudligi bilan izohlamoqda.

Uchinchi pog‘onadan Janubiy Afrika Respublikasi o‘rin olgan. Bu mamlakatda ayollar armiya shaxsiy tarkibining qariyb 24 foizini tashkil qiladi. Bunday ko‘rsatkich aparteid davri tugaganidan keyin joriy etilgan inklyuziv siyosat natijasi sifatida baholanmoqda.

Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlarida esa vaziyat boshqacharoq. Bu mamlakatlarning aksariyatida armiya ixtiyoriy xizmat tamoyili asosida shakllantiriladi. Shu sababli ayollarni harbiy xizmatga jalb qilish bo‘yicha ko‘p yillik dasturlarga qaramasdan, ularning ulushi hanuz nisbatan pastligicha qolmoqda.



NATO statistikasiga ko‘ra, ayollar alyans davlatlari qurolli kuchlarida hamon yetarlicha vakillikka ega emas. 2019 yilda Ispaniya mudofaa vaziri Margarita Robles NATO mamlakatlari armiyalarida ayollar ulushi o‘rtacha 12,7 foizni tashkil etishini ma’lum qilgan edi.

2025 yil uchun tayyorlangan umumiy hisobotga ko‘ra, bu ko‘rsatkich biroz o‘sib, 12–13 foiz atrofiga yetgan. Biroq NATOga a’zo davlatlarning oz qismigina Isroil yoki KXDR darajasidagi ko‘rsatkichlarga yaqinlasha olgan.

Mutaxassislar fikricha, global miqyosda ayollarning harbiy xizmatdagi ishtiroki bosqichma-bosqich ortib bormoqda. Tobora ko‘proq davlatlar ular uchun jangovar mutaxassisliklar, qo‘mondonlik lavozimlari va texnik jihatdan murakkab sohalarni ochmoqda.

Garchi ko‘plab mamlakatlar armiyasida to‘liq gender muvozanatiga erishish uchun hali vaqt talab etilsa-da, mavjud statistika ayollarning zamonaviy qurolli kuchlardagi o‘rni yil sayin mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, teng imkoniyatlar masalasi ko‘plab davlatlarning harbiy siyosatida muhim yo‘nalishga aylanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid