Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Ukraina bo‘yicha Alyaskada kelishuv bo‘lganini rad etdi
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Alyaskaning Ankorij shahrida o‘tgan AQSh–Rossiya sammitida Ukrainadagi urushni tugatish shartlari bo‘yicha hech qanday kelishuv imzolanmaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar davomida faqat takliflar muhokama qilingan, ammo tomonlar biror bitimga kelmagan.
Marko Rubio 25 iyun kuni jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Moskvaning Vashingtonni «Alyaskada erishilgan kelishuvlarga amal qilmayotganlik»da ayblashiga munosabat bildirdi.
«Hech qanday kelishuv bo‘lgan emas. Alyaskada faqat taklif bo‘lgan, ammo kelishuv bo‘lmagan. Agar kelishuvga erishilganida edi, Ukrainadagi urush allaqachon tugagan bo‘lardi», — dedi AQSh davlat kotibi.
Uning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadagi urushni uzoq muddatli tinchlik kelishuvi orqali yakunlash uchun konstruktiv rol o‘ynashga tayyor.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush har oy o‘n minglab insonlarning hayotiga zomin bo‘lmoqda. U haftasiga taxminan 5 ming nafar harbiy halok bo‘layotganini, qurbonlarning katta qismi rossiyaliklar ekanini qayd etdi.
Rossiya qanday takliflarni ilgari surgan?
Jurnalistlardan biri muzokaralarda taklif kim tomonidan bildirilganini so‘raganida, Rubio Rossiya tomoni Donetsk viloyatining to‘liq nazoratini qo‘lga kiritish kabi talablarni ilgari surganini aytdi.
«Rossiya Donetsk viloyatining to‘liq o‘z nazoratiga o‘tishini xohlagan va boshqa qator shartlarni ham qo‘ygan. Ammo hech qanday kelishuv bo‘lmagan. Agar shunday bo‘lganida, urush tugagan bo‘lardi», — dedi u.
Moskva Vashingtonni kelishuvlarga amal qilmaslikda ayblab kelmoqda
AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp hamda Vladimir Putin ishtirokidagi sammit 2025 yil avgust oyida Alyaskaning Ankorij shahrida bo‘lib o‘tgan.
So‘nggi oylarda Rossiya rasmiylari AQSh tomonini ushbu uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni bajarmayotganlikda bir necha bor aybladi. Bunday bayonotlar bilan Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov chiqqan.
2025 yil dekabr oyida Vladimir Putin ham Moskva sammit arafasida Vashington taklif qilgan muayyan murosalarga rozi bo‘lganini bildirgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi Ankorijda Amerika tomonining takliflarini asosan qabul qilgan va shu bois Moskvani muzokaralarga qarshi chiqishda ayblash asossiz.
Ommaviy axborot vositalari yozgan ehtimoliy shartlar
2025 yil avgust oyida Financial Times nashri manbalariga tayanib yozishicha, Ankorijdagi muzokaralarda Rossiya Ukraina nazoratidagi Donetsk viloyatining qolgan qismini o‘z ixtiyoriga berish evaziga Zaporijjya va Xerson viloyatlaridagi front chizig‘ini muzlatishni taklif qilgan.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Moskva Ukraina qo‘shinlari Donetsk viloyatidan chiqib ketsa, yangi hududlarni egallash uchun hujum qilmaslikka va’da bergan.
Reuters agentligi esa o‘z manbasiga tayanib, Putin muzokaralarda Ukraina qo‘shinlarini Luxansk viloyatidan ham olib chiqishni talab qilganini xabar qilgan.