Jahon | 10:00
3050
3 daqiqa o‘qiladi

«Askarlar qiynoqqa solinmoqda, isyon bo‘lishi mumkin» - sobiq harbiy Putinga murojaat qildi

Rossiyaning Voronej viloyatidan bo‘lgan sobiq harbiy Aleksandr Lunin prezident Vladimir Putinga videomurojaat yo‘llab, armiyada askarlar qiynoq va zo‘ravonlikka duch kelayotganini iddao qildi. U davlat rahbari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda uchrashish imkoni berilmasa, harbiylar orasida isyon yuz berishi mumkinligini aytdi.

Foto: AP

Sudoplatov nomidagi ko‘ngillilar batalonida razvedka bo‘limi sobiq komandiri bo‘lgan, shuningdek Pustovalov familiyasi bilan ham tanilgan Aleksandr Lunin Rossiya prezidenti Vladimir Putinga murojaat yozib oldi. Unda u armiyadagi qiynoqlar, zo‘ravonlik va komandirlar tomonidan o‘zboshimchaliklar haqida gapirgan.

Mazkur video qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, bir necha million marta ko‘rilgan. Bu haqda «Agenstvo. Novosti» onlayn nashri va «Dojd» telekanali xabar berdi.

Luninning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar «befoyda va o‘zini o‘zi o‘limga yuborishga teng buyruqlar»ni bajarishdan bosh tortgani yoki o‘z pul mablag‘larini topshirmagani uchun qiynoq va bosimga uchramoqda.

U Putinga qarata murojaatida: «Agar yaqin vaqt ichida men Kremlga borib, siz bilan yonma-yon to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda chiqish qilmasam, armiya o‘z qurolini Kremlga qarshi burishi mumkin», — degan.

Boshqa bir videoda sobiq harbiy Putin bilan shaxsan uchrashib, unga «amaldorlar aytmaydigan haqiqiy haqiqat»ni yetkazmoqchi ekanini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, gap Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashgan harbiylar, shuningdek oddiy fuqarolarga nisbatan mahalliy amaldorlar va rahbarlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan o‘zboshimchaliklar haqida ketmoqda.

«Frontdan qo‘rqinchli videolar kelmoqda»

«Agenstvo» nashrining yozishicha, jurnalistlar Lunin bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan. U suhbat davomida turli platformalarda o‘z kanali borligini, frontdagi tanishlaridan harbiylarning ahvoli haqida ko‘plab xabarlar va videolar olayotganini aytgan.

«Menga juda ko‘p xabarlar, videomurojaatlar yuborishadi. Ularni joylashtirishga ham qo‘rqaman, chunki u yerda juda dahshatli kadrlar bor», — degan u.

Luninning aytishicha, u Putinga murojaat qilishga shu ma’lumotlarni shaxsan ko‘rsatish va u bilan bevosita gaplashish maqsadida qaror qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 24 iyun kuni Voronej viloyatidagi Lizinovka qishlog‘ida u bilan uch nafar erkak uchrashgan. Ulardan biri Mudofaa vazirligidan, ikkinchisi Ichki ishlar vazirligidan, uchinchisi esa Mudofaa vazirligiga aloqador boshqa bir xizmatdan bo‘lganini aytgan.

Luninning iddao qilishicha, ushbu shaxslar undan video yozib, prezidentga vaziyat shu tarzda davom etsa, «hammasi juda yomon oqibatlarga olib kelishi»ni yetkazishni talab qilgan.

Hozircha Rossiya rasmiylari Luninning qiynoqlar va armiyadagi zo‘ravonliklar haqidagi iddaolariga munosabat bildirgani haqida ma’lumot yo‘q.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid