Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hafta oxirida o‘zgaruvchan havo kuzatiladi
Shanba va yakshanba kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Harorat +35…+40, janubda +43…+44 darajagacha ko‘tariladi. Chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.
26 iyun kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida havo biroz bulutli, ba’zi joylarda o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.
Shanba kuni faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ayrim joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.
Yakshanba kuni respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘ladi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi, shimolda va cho‘l hududlarda ba’zida 20–22 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Kunduzgi havo harorati aksariyat viloyatlarda dam olish kunlari +35…+40 daraja atrofida, yakshanba kuni ba’zi joylarda +42 darajagacha, janubda +43…+44 darajagacha bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston Rsepublikasi va Xorazm viloyatida harorat asosan kunduzi +32…+37 daraja, yakshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimolida +23…+28 darajagacha pasayadi.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkent shahrida bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +37…+39 daraja bo‘ladi. Shanba kuni qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kunduzi +38…+40 daraja bo‘ladi. Yakshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kunduzi +39…+41 daraja bo‘ladi.
Harorat asosan kechalari +23…+26 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10–12 metr/soniyagacha kuchayadi, shaharning ayrim joylarida chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.