Jamiyat | 09:00
1055
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy himoya tizimida ish haqi shartlari yangilandi

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tasdiqlandi. Shuningdek, mazkur muassasalar xodimlari uchun ish haqi razryadlari hamda ko‘p yillik mehnat faoliyati uchun har oylik ustamalar miqdori belgilandi.

Adliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarning ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Tegishli idoraviy hujjat 2026 yil 25 iyun kuni 3589-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Hujjatga muvofiq, quyidagi muassasalarda faoliyat yurituvchi direktor, bosh vrach, ularning o‘rinbosarlari, bosh hamshira, bosh buxgalter, buxgalter, iqtisodchi, kadrlar bo‘yicha inspektor hamda ijtimoiy xodimlar uchun mehnatga haq to‘lash razryadlari belgilandi:

  • Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari;

  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun «G‘amxo‘rlik» markazlari;

  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi hamda uning hududiy markazlari;

  • Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar.

Shuningdek, ushbu lavozimlarda ishlovchi xodimlarga mehnat stajiga qarab har oylik ustama to‘lanishi belgilandi. Unga ko‘ra:

  • 1 yildan 3 yilgacha — 30 foiz;

  • 3 yildan 5 yilgacha — 60 foiz;

  • 5 yildan 10 yilgacha — 80 foiz;

  • 10 yildan 15 yilgacha — 100 foiz;

  • 15 yil va undan ortiq mehnat stajiga ega xodimlarga — 120 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

Yangi tartib ijtimoiy himoya tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning mehnatiga munosib haq to‘lash va ularni uzoq muddatli faoliyatga rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid